Og’zaki va yozma shaklda axborot taqdim etish tartibi

24-12-2016 | 12:00 274

Axborotdan foydalanuvchilarning so‘rovlari asosida og‘zaki va yozma shaklda axborot taqdim etish tartibi to‘g‘risida

YO‘RIQNOMA

 

Umumiy qoidalar
 

Ushbu Yo‘riqnoma O‘zbekiston Respublikasining «Davlat hokimiyati va boshqaruvi organlari faoliyatining ochiqligi to‘g‘risida»gi qonuniga muvofiq ishlab chiqilgan.
O‘zbekiston Respublikasining «O‘zbekiston Respublikasining davlat tili haqida»gi qonuniga muvofiq, axborotdan foydalanuvchilarga universitetning faoliyati to‘g‘risida axborot taqdim etilishi haqidagi so‘rovlar bilan O‘zbekiston Respublikasining davlat tilida murojaat etish, shuningdek, ularga davlat tilida javoblar olish huquqi ta'minlanadi. Axborotdan foydalanuvchilarning boshqa tillarda ham murojaat etish va javob olish huquqi ta'minlanadi.
 

Murojaatlarni ko‘rib chiqish
 

Universitet va uning tarkibiy bo‘limlarining faoliyati to‘g‘risida axborot taqdim etilishi haqida belgilangan tartibda berilgan so‘rovlar albatta ko‘rib chiqilishi kerak.
Axborotdan foydalanuvchilarning universitet faoliyati to‘g‘risida axborot taqdim etilishi haqidagi so‘rovlarini ko‘rib chiqish universitet rahbariyati rezolyusiyasida belgilangan tegishli tarkibiy bo‘limlar rahbarlari tomonidan amalga oshiriladi.
Universitet tarkibiy bo‘limlari rahbarlari tadbirlarning o‘z vaqtida o‘tkazilishi, shuningdek, axborotdan foydalanuvchilarning so‘rovlari bo‘yicha taqdim etiladigan tahliliy materiallarning o‘z vaqtida taqdim etilishi va sifati uchun shaxsan javobgardir.
Axborotdan foydalanuvchi universitetning faoliyati haqidagi so‘rov bilan ham bevosita, ham qonun hujjatlarida belgilangan tartibda vakolatlari rasmiylashtiriladigan o‘z vakili orqali og‘zaki yoki yozma (shu jumladan, elektron shaklda) murojaat etish huquqiga ega.
Axborotdan foydalanuvchining so‘rovi agar qonun hujjatlarida boshqacha qoida nazarda tutilmagan bo‘lsa, u ro‘yxatga olingan kundan e'tiboran o‘n besh kundan oshmagan muddatda ko‘rib chiqilishi kerak.
Ommaviy axborot vositalarining universitetning faoliyati to‘g‘risida axborot olish uchun so‘rovi, shuningdek, mansabdor shaxslar bilan suhbat (intervyu) tashkil etish to‘g‘risidagi so‘rovi yetti kundan oshmaydigan muddatda ko‘rib chiqiladi.

Agar so‘rov universitetning vakolatiga taalluqli bo‘lmasa, u so‘rovni ro‘yxatga olingan kundan e'tiboran uch kun ichida so‘ralayotgan axborotni berish qaysi organ vakolatiga kiritilgan bo‘lsa, shu organga yuboradi va bu haqda foydalanuvchini xabardor qiladi.

Agar universitet olingan so‘rov bo‘yicha boshqa davlat hokimiyati va boshqaruvi organining vakolati haqida ma'lumotlarga ega bo‘lmasa, unda so‘rov ro‘yxatga olingan kundan e'tiboran uch kun ichida foydalanuvchiga tegishli javob yo‘llanadi.

Foydalanuvchining universitetning faoliyati to‘g‘risida axborot taqdim etish haqidagi so‘rovi rad etilgan taqdirda, foydalanuvchiga rad etish sabablari asoslantirilgan holda tegishli javob yo‘llanadi.
Jismoniy shaxsning so‘rovida fuqaroning familiyasi, ismi, otasining ismi, yashash joyi to‘g‘risidagi ma'lumotlar ko‘rsatilishi, so‘rovning mohiyati bayon etilgan bo‘lishi kerak. Yuridik shaxsning so‘rovida mazkur so‘rovni amalga oshirayotgan tashkilotning nomi, yuridik manzili, mansabdor shaxsning familiyasi va ismi-sharifining bosh harflari ko‘rsatilishi, so‘rovning mohiyati bayon etilgan bo‘lishi kerak.
Axborotdan foydalanuvchining yuqorida ko‘rsatilgan, shaxsini bilish imkoniyatini beruvchi ma'lumotlarni o‘z ichiga olmagan so‘rov anonim hisoblanadi va ko‘rib chiqilmaydi.

So‘rov universitet nomiga yoki uning so‘rovda qo‘yilgan masalalar yuzasidan axborot berish vakolatiga kiradigan mansabdor shaxsi nomiga yo‘llanadi.

Belgilangan tartibda berilgan so‘rov ko‘rib chiqilishi shart.

Axborotdan foydalanuvchilarning universitetning faoliyati to‘g‘risidagi so‘rovlarini ko‘rib chiqish chog‘ida fuqarolarning huquqlari hamda qonuniy manfaatlarini kamsituvchi ma'lumotlarning oshkor etilishiga yo‘l qo‘yilmaydi.
 

 

Axborotdan foydalanuvchilarning so‘rovlari harakati va ko‘rib chiqilishi ustidan nazorat qilish

 

Axborot taqdim etish haqidagi so‘rovlarni ko‘rib chiqish so‘rovni amalga oshirayotgan axborotdan foydalanuvchiga barcha so‘ralayotgan axborot taqdim etilganidan va ular ko‘rib chiqish uchun topshiriq bergan rahbarning nazoratidan chiqarilgandan keyingina tugallangan deb hisoblanadi.
Axborot taqdim etish haqidagi so‘rovlarga javoblarga rahbariiyat rezolyusiyaga muvofiq bunga vakolat berilgan boshqa mansabdor shaxs tomonidan imzolanadi.
Axborot taqdim etish haqidagi so‘rovga og‘zaki javob berilgan hollarda ro‘yxatga olish kartochkasiga tegishli yozuv yozib qo‘yiladi.
Ko‘rib chiqish materiallari asosida mas'ul ijrochi yoki nazoratni amalga oshiruvchi shaxs ko‘rib chiqish natijalari haqida so‘rovni ko‘rib chiqish haqida topshiriq bergan rahbarga nazoratdan chiqarish uchun ma'lumot beradi.
Ko‘rib chiqishga doir barcha materiallar tizimlashtirish va arxiv hamda axborot-kutubxonada saqlashini tashkil etish uchun Ichki nazorat va monitoring bo‘limiga topshiriladi.

 

Axborotdan foydalanuvchilarni shaxsan qabul qilish
 

Axborotdan foydalanuvchilarni Universitet rahbariyati va bu ishga vakolat berilgan mansabdor shaxslar tomonidan belgilangan jadvalga muvofiq kunlar va soatlarda amalga oshiriladi.
Axborotdan foydalanuvchilarni qabul qilish amalga oshirilganligi haqidagi ma'lumotlar maxsus jurnalda qayd etib boriladi.