1991 yil 18 noyabrda O'zbekiston Respublikasi Oliy Kengashining 8-sessiyasida O'zbekiston Respublikasi Davlat bayrog'i to'g'risidagi qonun qabul qilindi.


O'zbekiston Respublikasining Davlat bayrog'i O'zbekiston Respublikasi davlat suverenitetining ramzidir. O'zbekiston Respublikasining Davlat bayrog'i xalqaro munosabatlarda O'zbekiston Respublikasining timsoli bo'ladi. O'zbekiston Respublikasining Davlat bayrog'i - bayroqning butun uzunligi bo'ylab o'tgan to'q moviy rang, oq rang va to'q yashil rangli uchta endan tarkib topgan to'g'ri to'rtburchak shaklidagi matodir.


Davlatimiz bayrog'idagi har bir rang, har bir belgi chuqur ramziy ma'noga ega. Undagi moviy rang tiriklik manbai bo'lgan obihayotni, musaffo osmonimizni, kuch-qudratimizni, yurtimizda hukm surayotgan tinchlik va barqarorlikni aks ettiradi.


Oq rang - tinchlik, xotirjamlik, yorug'lik ramzi. Shuningdek, bu rang o'zida poklik, beg'uborlik, botiniy go'zallikni ifodalab kelgan. Demak, bayrog'imizdagi oq rang xalqimizning pokiza orzu - umidlarini, yorug'likka, ezgulikka eshligini o'zida namoyon etadi.


Yashil - yasharish va yangilanish, navqironlik va shodumonlik ramzi, shuning barobarida ona tabiatimiz timsolidir. Qizil chiziqlar esa, tomirimizda jo'shib oqayotgan ajdodlar qoni - hayotiy qudrat va davomiylik nishonasidir. Shuningdek, bunda Istiqlol, Ozodlik uchun qon to'kkan erksevar ota-bobolarimizning orzu-armonlari mujassam.


Bayrog'imizdagi yarim oy va yulduzlar tasviri tarixiy qadriyatlarimiz, umrboqiy an'analarimiz, ma'naviy kuch-qudratimiz bilan bog'liq. Hilol qo'lga kiritilgan mustaqillik, ozodlikni ifodalaydi.


Davlatimiz bayrog'i - o'tmish, bugun va kelajagimizning yorqin timsoli. Qonunda belgilanganidek, O'zbekiston Respublikasining fuqarolari, shuningdek, O'zbekistonda yashaydigan boshqa shaxslar bayrog'imizni hurmat qilishlari shart. Zero, unda ruhiyatimiz, g'urur va iftixorimiz, Vatanimiz va xalqimizga bo'lgan cheksiz mehr-muhabbatimiz, kelajakka ishonchimiz mujassamdir.