Tashkent :      Flag  Emblem  Gimn Sitemap

Agrar universiteti olimlari zararkunanda hasharotlarga qarshi kurashishning innovatsion usulini kashf etdi

13.06.2018 00:00

Agrar universiteti olimlari zararkunanda hasharotlarga qarshi kurashishning innovatsion usulini kashf etdi

Ushbu kashfiyot Namangan viloyatining Norin tumanidagi “Besh sada” fermer xo‘jaligi dalasida Prezidentimizga namoyish etilishi kutilmoqda.
 
Agrar universiteti olimlari zararkunanda hasharotlarga qarshi kurashishning innovatsion usulini kashf etdi

Toshkent davlat agrar universiteti rektori, akademik Botirjon Sulaymonov boshchiligidagi bir guruh olimlar tunlam kapalaklariga qarshi kurashishda yangi usul – yoritkichli tutqich moslamasini taklif qilmoqda. Ma’lumki, ko‘pgina zararkunanda kapalaklar tunda faol bo‘ladi. Shuning uchun bunday kapalaklar tunlam kapalaklar deya yuritiladi. 

Ushbu kashfiyotning ahamiyati shundaki, paxta, g‘alla va boshqa qishloq ekinlariga katta zarar keltiradigan tunlam kapalaklarini kechqurun maxsus qutidan taraladigan yorug‘lik yordamida bir joyga to‘plash mumkin. Ushbu uskuna bog‘, g‘o‘za va boshqa ekinlardagi zararli tunlam kapalaklarini kamaytirish, ularning qishlovdan chiqish va yalpi uchish muddatlarini aniqlash, kapalakalarning tur tarkibini, ko‘payish zichligini aniqlash, tarqalish maydonini belgilash maqsadida qo‘llaniladi. Bundan tashqari o‘simliklarni himoya qilish sohasidagi turli ilmiy tadqiqotlarda ham keng foydalanish imkoni mavjud. 
photo5424728748265155005.jpg 
  
– Hozirgi kunda qishloq xo‘jaligi zararkunandalariga qarshi kurashishda turli usullar qo‘llanmoqda, – deydi O‘zbekiston qishloq xo‘jaligi ilmiy ishlab chiqarish markazi bosh direktori Shuhrat Teshayev. – Jumladan, paxta dalalarida feromon tutqich usuli tatbiq qilinmoqda. Bunda yog‘och dastakka mahkamlangan qog‘ozga urg‘ochi tunlam kapalagi garmoni surtilgan maxsus yelim yordamida erkak kapalaklar tutiladi. Yangi usulning afzalligi, unda barcha kapalaklarni baravar tutish imkoni mavjud. 

Yoritkichli tutqichni nafaqat paxta va g‘alla maydonlarida, balki, bog‘ va sabzavot ekinlari dalalari, tomorqalarda ham qo‘llash mumkin. Eng muhimi, tutqich yordamida zararkunandalarga qarshi kurashishda ish samaradorligi 60-70 foizni tashkil qiladi. Ushbu uskuna dehqonchilik mavsumida 1500 dan 2200 tagacha zararli qurtlar tarqalishining oldini olib, g‘o‘zda o‘rtacha 300, pomidorda 600, dukkakli ekinlarda esa 150 kg. hosilni saqlab qolish imkonini beradi.