Toshkent :      Flag  Emblem  Gimn Sitemap

Shov-shuvli loyihalaridan biri “Yosh kitobxon”ning 2019 yil mavsumiga arizalar qabuli boshlandi!

04.04.2019 00:00

Shov-shuvli loyihalaridan biri “Yosh kitobxon”ning 2019 yil mavsumiga arizalar qabuli boshlandi!

“Yosh kitobxon” yangi-yangi kitobxonlarni ommaviy kashf etishda davom etadi.

Siz ham 2019 yilning “Yosh kitobxon”iga aylanmoqchimisiz? Unda shoshiling!

Tanlov buyuk alloma, adib va mutafakkirlarimizning boy maʼnaviy merosini, umumbashariy sivilizatsiya, madaniyat, dunyoviy va diniy ilm-fan taraqqiyotiga ulkan hissa qoʻshgan ulugʻ ajdodlarimizning noyob asarlarini asrab-avaylash, avlodlarga bezavol yetkazish, ularning nodir merosini, ibratli hayoti va ijtimoiy faoliyatini har tomonlama chuqur oʻrganish va targʻib etish, yoshlarimizni oʻzlikni anglash, milliy va umuminsoniy qadriyatlarga hurmat ruhida tarbiyalash, ular oʻrtasida kitobxonlik madaniyatini keng ommalashtirish maqsadida tashkil etilmoqda! Tanlovga mamlakatimizda istiqomat qilayotgan millati va tilidan qatʼiy nazar 10 yoshdan 30 yoshgacha boʻlgan barcha yoshlar ishtirok etishi mumkin.

Tanlovda ishtirok etishni xohlovchi yoshlar shu yilning 1 aprelidan 15 mayiga qadar Oʻzbekiston yoshlar ittifoqining taʼlim muassasalaridagi boshlangʻich tashkilotlari yoki mahalliy Kengashlariga ariza bilan murojaat qilib, oʻzi haqidagi tegishli maʼlumotlar (tanlov anketasi, tugʻilganlik haqidagi guvohnoma yoki pasport nusxalari)ni taqdim etadi.
Tanlov quyidagi uchta yosh toifasi boʻyicha alohida tartibda oʻtkaziladi:

— 10 yoshdan 14 yoshgacha boʻlgan yoshlar;

—15 yoshdan 19 yoshgacha boʻlgan yoshlar;

— 20 yoshdan 30 yoshgacha boʻlgan yoshlar.

   Tanlovda ishtirokchilarning yoshi ariza topshirgan sana boʻyicha inobatga olinadi.

   Millionlab yoshlarning sevimli tanloviga aylangan “Yosh kitobxon”ning 2019 yilgi mavsumi uchun saralab olingan kitoblar roʻyxati haqida maʼlumot yoki oʻzingizni qiziqtirgan savollar yuzasidan (+99899) 858-43-54 telefon raqami yoki Oʻzbekiston yoshlar ittifoqining Hududiy va mahalliy kengashlari orqali maʼlumot olishingiz mumkin.

   Kitob oʻqing, dunyoqarashingizni oʻzgartiring, Vatan taraqqiyoti yoʻlida birlashing va Prezident sovgʻasi Spark avtomobili egasi boʻling!

   Bu yilgi tanlov “Mening yurtim” telekanali orqali efirga uzatiladi.

Manba: www.yoshlarittifoqi.uz