Toshkent :      Flag  Emblem  Gimn Sitemap

Toshkent davlat agrar universiteti rektori B.Sulaymonov Koreyada faxriy professor bo‘ldi

11.05.2019 00:00

Toshkent davlat agrar universiteti rektori B.Sulaymonov Koreyada faxriy professor bo‘ldi

Koreya Respublikasining agrar sohadagi oliy ta’lim muassasalari bilan hamkorlikni yanada mustahkamlash va ularning tajribasini Toshkent davlat agrar universiteti va uning filiallarida joriy etish maqsadida Toshkent davlat agrar universiteti rektori B.Sulaymonov bir qator uchrashuvlar o‘tkazdi.

Toshkent davlat agrar universiteti Konkuk universiteti bilan 2015 yilda hamkorlik aloqalarini o‘rnatgan. Hamkorlik doirasida hozirda Toshkent davlat agrar universiteti va filiallarning 5 nafar talabasi Konkuk universitetining “Chorvachilik” xalqaro magistratura dasturi bo‘yicha tahsil olgan. So‘nggi 3 yilda Toshkent davlat agrar universiteti va filiallarining 4 nafar o‘qituvchilari universitetida qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini qayta ishlash, chorvachilik, zootexniya yo‘nalishlari bo‘yicha malaka oshirib qaytdi.

Ayni vaqtda esa delegatsiya universitet prezidenti Min Sangi bilan uchrashdi va ikki tomonlama ilmiy-akademik faoliyatni kengaytirish borasida ”Yo‘l xarita”si imzolandi.Unga ko‘ra, universitet bitiruvchilarini ish bilan ta’minlash tizimi ishlab chiqiladi. Shuningdek, KOICA dasturi doirasida Toshkent davlat agrar universitetida “Qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini qayta ishlash va sifatini aniqlash” zamonaviy laboratoriyasi barpo etish bo‘yicha kelishib olindi.

Konkuk universitetining ilmiy kengashi a’zolari bilan o‘tkazilgan uchrashuvda qishloq xo‘jaligi uchun kadrlarni tayyorlashda ikkita universitet o‘rtasida hamkorlikni samarali yo‘lga qo‘yilganligi uchun rektor B.Sulaymonov Konkuk universitetning faxriy professori unvoni bilan taqdirlandi.

Delegatsiya Chungnam milliy universitetida ham bo‘ldi. Mazkur dargoh 20 dan ortiq Markaziy Osiyo va Rossiya universitet va ilmiy-tadqiqot institutlari bilan ilmiy-akademik hamkorlik o‘rnatgan. Toshkent davlat agrar universiteti va uning filiallari ham 2017 yildan boshlab hamkorlikni yo‘lga qo‘ygan edi.

Tashrif davomida bir qator kelishuvlarga erishildi. “O‘simlikshunoslik”, “O‘simliklar biotexnologiyasi” bakalavr yo‘nalishlari bo‘yicha Toshkent davlat agrar universitetida qo‘shma ta’lim dasturlarini joriy etish, xalqaro akkreditatsiyadan o‘tkazish va ikki tomonlama diplom berishni tashkil qilish, KOICA va KOPIA xalqaro tashkilotlari dasturlari doirasida Toshkent davlat agrar universitetida “Erlarni sho‘rlanishi va uning unumdorligini aniqlash” loyihasi asosida zamonaviy laboratoriya barpo etish shular sirasidandir.