Toshkent :      Flag  Emblem  Gimn Sitemap

Xalqaro qishloq xo‘jaligi universitetini tashkil qilish chora-tadbirlari to‘g‘risida

08.05.2022 00:00

Xalqaro qishloq xo‘jaligi universitetini tashkil qilish chora-tadbirlari to‘g‘risida

Oʼzbekiston Respublikasi Prezidentining qarori

Oʼzbekiston Respublikasi qishloq xoʼjaligini rivojlantirishning 2020–2030 yillarga moʼljallangan strategiyasi ijrosidan kelib chiqib, qishloq xoʼjaligida bilim va innovatsiyalar tizimi doirasida agrar soha uchun xalqaro talab va standartlarga muvofiq yuqori malakali kadrlar tayyorlash, bu borada yetakchi xorijiy universitetlar bilan uzoq muddatli munosabatlarni rivojlantirish maqsadida:

1. Qishloq xoʼjaligi vazirligining Buyuk Britaniya Qirollik qishloq xoʼjaligi universiteti (Royal Agriculture University, keyingi oʼrinlarda – hamkor universitet) bilan hamkorlikda Toshkent shahrida Xalqaro qishloq xoʼjaligi universitetini (keyingi oʼrinlarda – Universitet) tashkil etish toʼgʼrisidagi tashabbusi qoʼllab-quvvatlansin.

2. Quyidagilar maʼlumot uchun qabul qilinsin:

a) Universitet faoliyatining asosiy yoʼnalishlari etib quyidagilar belgilanganligi:

agrar sohani rivojlantirish, jahon tendentsiyalarini va tajribasini aks ettirishga moslashgan “ilmga asoslangan, amaliyotga yoʼnaltirilgan (science-based, practice-oriented) taʼlim” tamoyili asosida va milliy anʼanalar uygʼunligida yuqori malakali, zamonaviy bilim va koʼnikmalarga ega, mustaqil fikrlaydigan, vatanparvar, professional kadrlarni tayyorlash;

ilm-fan yutuqlari va innovatsiyalarni ishlab chiqarishga tatbiq etish, agrotexnologiya va ekologik barqarorlik amaliyotlarini rivojlantirish, qishloq xoʼjaligida biznes va operativ samaradorlikni ishlab chiqishni qamrab oladigan ilmiy tadqiqotlar olib borish;

qishloq xoʼjaligi xodimlarini qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish hamda oʼquv tizimini modernizatsiya qilishga qaratilgan yangi taʼlim dasturlarini ishlab chiqish va joriy etish;

xorijiy oliy taʼlim muassasalari va tashkilotlar bilan oʼzaro hamkorlik oʼrnatish, qoʼshma taʼlim dasturlari va loyihalarni amalga oshirish;

b) Universitet bitiruvchilariga hamkor universitetning diplomi beriladi.

3. Belgilab qoʼyilsinki:

Universitet Qishloq xoʼjaligi vazirligi va Buyuk Britaniya Qirollik qishloq xoʼjaligi universiteti tomonidan taʼsis etiladigan toʼliq akademik va moliyaviy mustaqil boʼlgan davlat ishtirokidagi oliy taʼlim muassasasi hisoblanadi;

Universitet Oʼzbekiston Respublikasi Davlat gerbi tasviri va davlat tilida nomi tushirilgan muhr, bank hisobvaraqlari, shtamp va boshqa rekvizitlarga ega boʼladi;

Universitet tomonidan beriladigan diplom Oʼzbekiston Respublikasida tan olinadi;

Universitetda taʼlim grant va toʼlov-kontrakt asosida amalga oshiriladi;

Universitet jalb etilgan xorijiy mutaxassislar, mahalliy xodimlarning ish haqi va boshqa toʼlovlar miqdorini mustaqil belgilaydi;

Universitet rektori Kuzatuv kengashi bilan kelishgan holda qishloq xoʼjaligi vaziri tomonidan lavozimga tayinlanadi va lavozimidan ozod qilinadi. Bunda Universitet rektori Oʼzbekiston Respublikasi tomonidan koʼrsatiladi.

4. Universitetga Oʼzbekiston Respublikasi Prezidentining 2021 yil 24 dekabrdagi “Davlat oliy taʼlim muassasalarining akademik va tashkiliy-boshqaruv mustaqilligini taʼminlash boʼyicha qoʼshimcha chora-tadbirlar toʼgʼrisida”gi PQ–60-son va “Davlat oliy taʼlim muassasalariga moliyaviy mustaqillik berish chora-tadbirlari toʼgʼrisida”gi PQ–61-son qarorlarida belgilangan akademik, moliyaviy va tashkiliy mustaqillikka oid tartib-taomillar tatbiq qilinadi.

5. Qishloq xoʼjaligi vazirligi, Oliy va oʼrta maxsus taʼlim vazirligi, Taʼlim sifatini nazorat qilish davlat inspektsiyasining Universitetda davlat muassasasi shaklidagi xoʼjalik hisobidan moliyalashtiriladigan Qishloq xoʼjaligi sohasida kadrlarni qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish tarmoq markazi (Capacity Building Center)ni tashkil etish toʼgʼrisidagi taklifi maʼqullansin.

Quyidagilar Markazning asosiy vazifalari etib belgilansin:

davlat va xususiy sektorda faoliyat yurituvchi soha vakillari, shuningdek, fermer xoʼjaliklari, klasterlar rahbarlari va mutaxassislarini xorijiy tajribalar asosida qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirishni tashkil etish;

mahalliy qishloq xoʼjaligiga ixtisoslashgan oliy va professional taʼlim muassasalari hamda ilmiy-tadqiqot institutlarida ilmiy salohiyatni yuksaltirishga hissa qoʼshish, jumladan, tadqiqotchilar uchun zamonaviy tadqiqotlar olib borish va nufuzli jurnallarda maqolalar chop etishni qoʼllab-quvvatlovchi oʼquv kurslari tashkil etish;

xalqaro tendentsiyalarni hisobga olgan holda manfaatdor tomonlarning ehtiyojlarini aniqlash uchun doimiy tadqiqotlar va ilmiy izlanishlar olib borish.

6. Qishloq xoʼjaligi vazirligi 2022 yil yakuniga qadar Universitetda xalqaro moliya institutlarining mablagʼlari hisobidan moliyalashtiriladigan talabalar, magistrant va ilmiy izlanuvchilar hamda professor-oʼqituvchilarning ilmiy ishlanmalari asosida startap-loyihalarni yaratish va amaliyotga tatbiq etish bilan shugʼullanuvchi davlat muassasasi shaklidagi “Agro Innovation Incubator” markazini tashkil etsin.

7. Xalqaro qishloq xoʼjaligi universitetining Kuzatuv kengashi tarkibi 1-ilovaga muvofiq tasdiqlansin hamda uning vakolatlari etib quyidagilar belgilansin:

Universitetga talabalarni qabul qilish parametrlarini, Universitetdagi taʼlim shakli, turi va tilini belgilash;

Universitetda yangi bakalavriat taʼlim yoʼnalishlari va magistratura mutaxassisliklarini, shuningdek, oliy taʼlimdan keyingi taʼlim boʼyicha doktorantura ixtisosliklarini ochish;

Universitet rahbariyati va xodimlari hamda professor-oʼqituvchilarini ishga qabul qilish tartibini belgilash, shuningdek, ularning faoliyatiga baho berish, ular faoliyatining samaradorligini baholash mezonlarini (KPI) tasdiqlash;

xorijiy va mahalliy yetakchi oliy taʼlim muassasalari bilan talabalarning akademik mobilligini taʼminlash hamda qoʼshma taʼlim dasturlarini joriy etish;

Universitetni rivojlantirishning oʼrta va uzoq muddatli strategik rejalarini tasdiqlash;

bakalavriat, magistratura va doktoranturaga qabul qilish shartlarini, shuningdek, talabalarni oʼqishga qabul qilishda test sinovlari topshiriladigan fanlar majmuasini va oʼqish uchun toʼlov miqdorini belgilash;

Universitetning oʼrta muddat uchun shakllantiriladigan biznes-rejasi hamda daromadlar va xarajatlar parametrlarini tasdiqlash, ularning ijrosini muhokama qilish;

Universitetning ichki audit va moliyaviy nazorat xizmatiga moliyaviy nazorat oʼtkazish boʼyicha qoʼshimcha topshiriq berish hamda nazorat tadbirlarining natijasi yuzasidan hisobot olish;

qonunchilik hujjatlarida belgilangan boshqa vakolatlarni amalga oshirish.

8. Universitet faoliyatini samarali tashkil etish maqsadida Xalqaro qishloq xoʼjaligi universiteti faoliyatini yoʼlga qoʼyish boʼyicha “yoʼl xaritasi” 2-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.

9. Quyidagilar Universitet faoliyatini moliyalashtirish manbalari etib belgilansin:

Yevropa Ittifoqining qishloq xoʼjaligi sohasi uchun byudjet koʼmagi dasturidan 6 million АQSh dollari miqdoridagi va Jahon bankining 11 million АQSh dollari miqdoridagi mablagʼlari;

talabalarni toʼlov-kontrakt asosida oʼqitishdan tushadigan mablagʼlar;

xoʼjalik, ilmiy faoliyat va shartnoma asosida xizmatlar koʼrsatishdan tushadigan mablagʼlar, yuridik va jismoniy shaxslarning homiylik xayriyalari;

xalqaro moliya tashkilotlarining grantlari va muassislar mablagʼlari hamda qonunchilik hujjatlari bilan taqiqlanmagan boshqa manbalar.

10. 2022/2023 oʼquv yilidan boshlab Xalqaro qishloq xoʼjaligi universitetida tashkil etiladigan bakalavriat taʼlim yoʼnalishlari 3-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.

11. Qishloq xoʼjaligi vazirligi (J.Xodjaev):

a) bir oy muddatda Universitet ustavining tasdiqlanishi va uning davlat roʼyxatidan oʼtkazilishini taʼminlasin.

Bunda:

xorijiy oliy taʼlim muassasalari bilan tuzilgan kelishuvlar asosida oʼzaro manfaatli aloqalarni yoʼlga qoʼysin;

Oliy va oʼrta maxsus taʼlim vazirligi bilan birgalikda 2022/2023 oʼquv yili uchun qabul jarayonini tashkil etsin;

Universitetning vaqtinchalik binosini rekonstruktsiya qilish va jihozlash loyihasini ishlab chiqsin, oʼrnatilgan tartibda davlat ekspertizasidan oʼtkazsin hamda xalqaro moliya institutlarining grant mablagʼlari hisobidan binoda taʼmirlash-qurilish ishlarini tashkillashtirsin;

zarur boʼlgan oʼquv, ilmiy laboratoriyalar, oʼquv adabiyotlari roʼyxatini shakllantirsin va xaridini tashkil etish choralarini koʼrsin;

Universitetni tashkil etish davrida uning faoliyatini yoʼlga qoʼyish bilan bogʼliq tashkiliy, yuridik, iqtisodiy, oʼquv-uslubiy, ilmiy-tadqiqot, moddiy-texnik va boshqa masalalarni hal etishda koʼmaklashsin;

b) uch oy muddatda:

Yevropa Ittifoqining qishloq xoʼjaligi sohasi uchun byudjet koʼmagi dasturidan 300 ming АQSh dollari miqdoridagi mablagʼlarni jalb etgan holda yetakchi xorijiy oliy taʼlim muassasalari bilan Universitet professor-oʼqituvchilarini qisqa muddatli qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish maqsadida bitimlarni imzolasin;

soha mutaxassislarini, shuningdek, fermer xoʼjaliklari, klasterlar rahbarlari va mutaxassislarini qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish tartibini tasdiqlasin;

Qishloq xoʼjaligi sohasidagi kadrlarni xalqaro standartlar boʼyicha qisqa muddatli professional oʼqitish kurslari toʼgʼrisidagi nizomni tasdiqlasin;

v) Qishloq xoʼjaligi sohasida kadrlarni qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish tarmoq markazi toʼgʼrisidagi nizomni tasdiqlasin va uning faoliyatini 2023/2024 oʼquv yilidan boshlab yoʼlga qoʼysin;

g) 2024/2025 oʼquv yiliga qadar xalqaro moliya institutlarining grant mablagʼlari hisobidan yetakchi loyiha va pudratchi kompaniyalarni jalb etgan holda Universitet yangi oʼquv kampusi qurilishini taʼminlasin.

12. Qishloq xoʼjaligi vazirligi, Innovatsion rivojlanish vazirligi va Oliy attestatsiya komissiyasining 2023 yil 1 yanvardan boshlab Universitet ilmiy salohiyatini oshirish uchun belgilangan tartibda ixtisoslashgan ilmiy kengash tuzish toʼgʼrisidagi taklifiga rozilik berilsin.

Bunda ixtisoslashgan ilmiy kengash aʼzolarining 50 foizi xalqaro hamkorlar va xorijiy vatandoshlar orasidan tanlanadi.

13. Qishloq xoʼjaligi vazirligi Universitetni Toshkent viloyati, Qibray tumani, Salar shaharchasi, Universitet koʼchasi, 2-uy manziliga operativ boshqaruv huquqi asosida joylashtirsin.

Yangi bino qurilgunga qadar Universitetga Toshkent davlat agrar universitetining sport majmuasi, talabalar turar joyi hamda oʼquv laboratoriyalaridan vaqtincha foydalanishga ruxsat berilsin.

14. Tashqi ishlar vazirligi Qishloq xoʼjaligi vazirligining viza talabnomalariga binoan Universitetga taklif qilinadigan chet ellik professor-oʼqituvchilar, mutaxassislar hamda ularning oila aʼzolari uchun kirish vizalari konsullik yigʼimlari va haqiqiy xarajatlarning oʼrnini qoplash hisobidan yigʼimlar undirilmasdan rasmiylashtirilishini taʼminlasin.

15. Qishloq xoʼjaligi vazirligi (J.Xodjaev) Oliy va oʼrta maxsus taʼlim vazirligi (А.Toshkulov) bilan birgalikda hududlarda Universitet faoliyati va 2022/2023 oʼquv yili uchun qabulni samarali tashkil etish maqsadida targʼibot ishlarini amalga oshirsin.

16. “El-yurt umidi” jamgʼarmasi Qishloq xoʼjaligi vazirligi (J.Xodjaev) bilan birgalikda Universitetning mahalliy professor-oʼqituvchilari, magistrantlari va talabalarini “El-yurt umidi” jamgʼarmasi hisobidan xorijiy yetakchi oliy taʼlim va ilmiy-tadqiqot muassasalariga malaka oshirish, stajirovka va oʼqishga yuborish choralarini koʼrsin.

17. Oʼzbekiston Milliy teleradiokompaniyasi, Oʼzbekiston Milliy axborot agentligiga mazkur qarorning mazmun-mohiyatini, qishloq xoʼjaligida bilim va innovatsiyalar tizimi doirasida agrar soha uchun xalqaro talab va standartlarga muvofiq yuqori malakali kadrlar tayyorlash boʼyicha amalga oshirilayotgan islohotlarni atroflicha yoritib borish tavsiya etilsin.

18. Qishloq xoʼjaligi vazirligi manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda ikki oy muddatda qonunchilik hujjatlariga ushbu qarordan kelib chiqadigan oʼzgartirish va qoʼshimchalar toʼgʼrisida Vazirlar Mahkamasiga takliflar kiritsin.

19. Mazkur qarorning ijrosini samarali tashkil qilishga masʼul va shaxsiy javobgar etib qishloq xoʼjaligi vaziri J.А.Xodjaev belgilansin.

Mazkur qaror ijrosini har chorakda muhokama qilib borish, ijro uchun masʼul idoralar faoliyatini muvofiqlashtirish va nazorat qilish Bosh vazir oʼrinbosari Sh.M.Gʼaniev zimmasiga yuklansin.


Oʼzbekiston Respublikasi
Prezidenti Sh. MIRZIYOYEV

Toshkent shahri, 2022 yil 7 may