Eslatma

24-12-2016 | 12:00 3204

Abiturient 26 iyuldan qabul komissiyasi tomonidan e’lon qilingan binolar va auditoriyalarning reja-chizmalarini diqqat bilan o‘rganib, test topshiradigan binoning qaerda joylashganligi, auditoriyaning tartib raqami va qaysi qavatda ekanligini bilib oladi.

Abiturientlar guruh tartib raqami (auditoriya tartib raqami bilan mos) ko‘rsatilgan ruxsatnomani 27 iyuldan boshlab ta’lim muassasasi qabul komissiyasidan oladi.

Kunduzgi, maxsus sirtqi ta’lim yo‘nalishlari bo‘yicha test sinovlari, Qabul to‘g‘risidagi nizomga asosan 3 tilda, o‘zbek, qoraqalpoq (Qoraqalpog‘iston respublikasida) va rus tillarida, O‘zbekiston Respublikasining barcha hududlarida 10* iyul va 1 avgust kuni bir vaqtda o‘tkaziladi (*-bilan ko‘rsatilgan sana harbiy oliy ta’lim muassasalariga tegishli).

Test sinovlari o‘tkaziladigan kuni abiturientlarni binoga kiritish soat 7.30 da boshlanadi. Abiturient binoga kirishda ruxsatnoma va pasportini shaxsan ko‘rsatadi. Soat 8.00 dan boshlab abiturientlar o‘z guruhlari raqamiga mos raqamlangan auditoriyaga kiradilar.

Qabul komissiyasi test sinovlari o‘tkaziladigan binoga abiturientlar tomonidan mikrokalkulyator, lug‘at, jadval, kitob, uyali telefon, aloqa vositalari, shpargalka va shu kabilarini olib kirish harakatini aniqlagan xolda abiturientning ruxsatnomasi olib qo‘yiladi, dalolatnoma yoziladi (ixtiyoriy shaklda) unga OTM qabul komissiya a’zosi imzo qo‘yadi. Abiturient test sinovlariga qo‘yilmaydi.

Test jarayoni boshlangandan so‘ng (8.30 dan keyin) abiturient auditoriyaga kiritilmaydi.

Test sinovlariga kelmagan abiturientlar uchun qo‘shimcha test sinovlari o‘tkazilmaydi.

Abiturient test sinovlarini ta’lim muassasasida o‘qiydigan tilda va yozuvda (kirill, lotin) topshiradi.

Test vaqtida abiturientlarga quyidagi talablar qo‘yiladi:

Savollar kitobi va javoblar varag‘ini olgandan so‘ng, javoblar varag‘i varianti bilan savollar kitobi varianti mosligini har bir fan bo‘yicha sinchiklab tekshirib chiqadi. Savollar kitobining fanlar bo‘yicha test topshiriqlarida tipografik xato yoki boshqa sabablarga ko‘ra to‘la nashr qilinmagan o‘rinlar yoki betlar va shunga o‘xshash xatolar bo‘lsa, darhol auditoriya rahbariga xabar beradi va nuqsonsiz test savollari kitobi hamda javoblar varag‘ini oladi (agar abiturient soat 9.00 gacha savollar kitobidagi nuqsonlar haqida auditoriya rahbariga xabar bermasa, uning murojaati qabul qilinmaydi). Savollar kitobining tegishli joyiga o‘z familiyasi, ismi va otasining ismini yozib, imzo qo‘yadi. Abiturient savollar kitobi va javoblar varag‘ining "Abiturientlar diqqatiga” qismini o‘qib chiqishi va belgilangan qoidalarni bajarishi shart.

Javoblar varag‘ini to‘ldirishda abiturient faqat ko‘k (havorang) pastali sharikli ruchkadan foydalanadi. Flomaster, siyohli avtoruchka va gelli ruchkalardan foydalanish man etiladi.

Abiturient o‘zi haqidagi ma’lumotlarni javoblar varag‘ining tegishli qismiga titul varag‘idan ko‘chirib yozadi va imzo qo‘yadi.

Javoblar varag‘i raqamini titul varag‘i va ruxsatnomasidagi mos kataklarga ko‘chirib yozadi.

Pasporti seriyasi va raqamini, maxsus kodini, ta’lim muassasasi kodini va tanlov kodini javoblar varag‘ining mos joylariga titul varag‘idan ko‘chiradi va doirachalarni mos ravishda bo‘yaydi.

Titul varag‘i va ruxsatnomasiga auditoriya rahbari va kuzatuvchilarini familiyasi, ismi va otasining ismini yozuv taxtasidan (doska) ko‘chirib yozadi.

Har bir fan bo‘yicha javoblarni mos ravishda o‘z joyiga belgilaydi. Chet tili bo‘yicha test topshirayotgan abiturient mos kelgan tilga tegishli doirachani bo‘yashi shart.

Har bir test topshirig‘iga faqat bitta javob belgilanadi. Agar bitta topshiriqqa ikki yoki undan ko‘p javob belgilansa, ushbu topshiriqqa ball berilmaydi.

Javoblarni tanlash uchun 108 ta savolga 3 soat, 72 ta savolga 2 soat vaqt beriladi.

Javoblarni tanlash-ixtiyoriy. Abiturient o‘zi tanlagan javoblarini javoblar varag‘ining tegishli blokiga mos ravishda ko‘chiradi. Buning uchun testga ajratilgan vaqtdan tashqari 20 daqiqa vaqt beriladi.

To‘ldirilgan javoblar varag‘i abiturientning bilim darajasini belgilovchi asosiy hujjatdir.

Javoblar varag‘ining to‘g‘ri to‘ldirilishi uchun abiturient shaxsan javobgardir.

Javoblar varag‘ida tegishli doirachalarni noto‘g‘ri belgilagan, javoblar varag‘ini almashtirgan, fan bloklari o‘rnini almashtirib bo‘yagan, javoblar varag‘ining tegishli bloklarida familiyasi, ismi va otasining ismi, ta’lim muassasasi kodi, maxsus kodi, tanlov kodi, pasport seriyasi va raqamini yozmagan hamda imzo qo‘ymagan, titul varag‘iga javoblar varag‘i raqamlarini yozmagan yoki undagi raqamlarni bo‘yagan abiturientlarning e’tirozi ko‘rib chiqilmaydi.

Test sinovi tugagunga qadar abiturientlarning auditoriyadan chiqishi taqiqlanadi. Auditoriyadan chiqqan abiturientlar qaytadan test sinovlariga qo‘yilmaydi.

Test sinovlariga abiturient mikrokalkulyator, lug‘at, jadval, kitob, uyali telefon, aloqa vositalari va shpargalkalar olib kirgan bo‘lsa, test jarayoni davomida test materiallarini boshqa abiturientga uzatsa, abiturientlarga yordam bersa va shu kabi salbiy hollarda abiturient test sinovlarini o‘tkazish tartibini buzgan hisoblanadi va dalolatnoma tuzilib, u test sinovidan chetlashtiriladi.

Test sinovini belgilangan muddatdan oldin tugatgan abiturient savollar kitobi, javoblar varag‘i va titul varag‘ini auditoriya rahbariga topshiradi, abiturientlar ro‘yxatidagi o‘z familiyasi to‘g‘risiga testni tugatgan vaqtini yozadi va o‘z joyiga borib o‘tiradi. Agar u boshqa abiturientlarga yordam bersa yoki ularning ishlashiga xalaqit bersa, unga ham test sinovidan chetlashtirish haqida dalolatnoma tuziladi va dalolatnoma javoblar varag‘iga yelimlanadi.

Abiturientlar auditoriyada test sinovlarini topshirish qoidalari buzilganligi to‘g‘risida auditoriya rahbari va kuzatuvchisiga murojaat qilishlari mumkin.

Abiturient tomonidan savollar kitobi varag‘i yirtib olinganligi aniqlansa, test sinovlarini topshirish qoidalari buzilgan hisoblanadi va test sinovidan chetlashtiriladi. Ushbu haqda dalolatnoma tuzilib, javoblar varag‘iga yelimlanadi.

Test sinovidan chetlashtirilganlarning javoblar varag‘i o‘qilmaydi va unga ball berilmaydi.

Abiturient javoblar varag‘ining tegishli joyini bo‘yash bilan auditoriyadagi test jarayonining borishiga o‘z fikrini bildirishi mumkin.

Test sinovlari uchun ajratilgan vaqt tugagandan so‘ng (soat 12.20, 11.20**), auditoriya rahbari test sinovi tugaganligini rasman e’lon qiladi. Abiturientlarning barcha test materiallari: savollar kitobi, javoblar varag‘i va titul varaqlarini auditoriya rahbari va kuzatuvchisi yig‘ib oladi. Bu vaqtda hamma abiturient o‘z joyida o‘tiradi. Test materiallarini o‘z vaqtida topshirmagan abiturientlar uchun belgilangan tartibda dalolatnoma tuziladi va uning javoblar varag‘iga yelimlanadi.

Auditoriya rahbari va kuzatuvchisi test materiallarini sanab qutiga joylashtiradi va qutidagi shaklda belgilangan joyga ikki abiturient ham imzo qo‘yadi.

O‘tkazilgan test sinovlari bo‘yicha fuqarolarning murojaatlarini ko‘rib chiqish maqsadida Davlat test markazida murojaatlarni ko‘rish komissiyasi (keyingi o‘rinlarda – Komissiya) tashkil etiladi.

Komissiya tarkibiga Davlat test markazining mas’ul xodimlari va fanlar bo‘yicha ekspertlari kiritiladi. Komissiyaning tarkibi Davlat test markazi direktori tomonidan tasdiqlanadi.

Murojaat etuvchi test javoblari e’lon qilingan kundan boshlab bir oy davomida Komissiyaga yozma ravishda murojaat qilishi mumkin. Uning arizasi ro‘yxatga olingan kundan boshlab 10 kun ichida ko‘rib chiqilishi lozim.(harbiy ta’lim muassasalari abiturientlarining e’tirozlari ham ta’lim muassasa-larining abiturientlari e’tirozlari bilan bir vaqtda ko‘riladi)

Ariza murojaat etuvchi ishtirokida ko‘rib chiqiladi. Ko‘rib chiqish jarayonida murojaat etuvchining ota-onasidan biri shaxsini tasdiqlovchi hujjatini ko‘rsatgan holda qatnashishga haqli. Murojaat etuvchi komissiyaga pasporti va ruxsatnomasi bilan belgilangan kuni kelishi shart.

Arizani ko‘rib chiqish jarayonida murojaat etuvchiga uning javoblar varag‘i ko‘rsatiladi va unga test sinovida yo‘l qo‘ygan notug‘ri javoblari ro‘yxati bilan birgalikda testda tushgan savollar kitobining nusxasi beriladi.

Murojaatni ko‘rib chiqish natijasi bo‘yicha bayonnoma tuziladi va Komissiya a’zolari hamda murojaat etuvchi tomonidan imzolanadi.

Komissiya xulosasi bo‘yicha ma’lumot O‘zbekiston Respublikasi ta’lim muassasalariga qabul qilish bo‘yicha Davlat komissiyasiga taqdim etiladi.

Murojaat etuvchi o‘z huquqlarini himoya qilishni so‘rab boshqa davlat idoralariga murojaat qilishga haqli.

 

To`ldirish namunalari