Universitet rasmiy veb-saytiga axborotni joylashtirish tartibi

24-12-2016 | 12:00 1201

E'lon qilinishi mumkin bo‘lmagan axborotlar ro‘yxati

Internet tarmog‘idagi universitet rasmiy veb-saytiga axborotni joylashtirish tartibi to‘g‘risida Yo‘riqnoma

Umumiy qoidalar
Ushbu Yo‘riqnoma O‘zbekiston Respublikasining «Davlat hokimiyati va boshqaruv organlari faoliyatining ochiqligi to‘g‘risida»gi qonuniga muvofiq ishlab chiqilgan bo‘lib, Universitet faoliyatining ochiqligini ta'minlash shakllari va usullarini ishlab chiqish, shuningdek, jamoatchilikni Toshkent davlat agrar universitetining faoliyati to‘g‘risida keng xabardor qilish maqsadida Universitetning Internet tarmog‘idagi rasmiy veb-saytini yanada takomillashtirish, muntazam ravishda qo‘llab-quvvatlash va axborot bilan ta'minlashga doir umumiy talablarni belgilaydi.
Universitetning Internet tarmog‘idagi veb-sayti Universitetning Internet tarmog‘idagi rasmiy davlat axborot resursi hisoblanadi.
Universitetning veb-sayti tashkilotlar, shuningdek, yuridik va jismoniy shaxslar o‘rtasida elektron-axborotga oid o‘zaro hamkorligi infratuzilmasining tizim hosil qiluvchi elementi hisoblanadi.
 

Axborotni veb-saytda joylashtirishda ishlarni bajarish tartibi
 

Universitetning mustaqil tarkibiy bo‘linmalari o‘z faoliyatlariga doir axborotlarni tayyorlaydi va ularning veb-saytda joylashtirilishini rahbariyat bilan kelishadi. Kelishilganidan keyin axborot resursining elektron shakli o‘zbek va rus tillarida veb-saytga joylashtirish uchun Axborot-tahlil va matbuot xizmatiga yuboriladi.
Universitetning veb-saytida joylashtiriladigan axborot quyidagi ko‘rinishda taqdim etiladi:
1) Word, Excel, NTML va boshqa matn formatlarida;

2) JPG, PDF va boshqa formatlardagi grafik fayllar.

Veb-saytda joylashtirish uchun axborot manbalari:
fakultet va bo‘limlar tomonidan taqdim etiladigan axborot, ommaviy axborot vositalaridan, shu jumladan elektron, ommaviy axborot vositalaridan olinadigan axborot;

O‘zbekiston Respublikasining qonun hujjatlariga zid bo‘lmagan boshqa manbalar.

Markaziy apparat tarkibiy bo‘linmalarining axborot materiallarini veb-saytda joylashtirish uchun ruxsatni rahbar yoki rahbar tomonidan o‘rnatilgan tartibda belgilanadigan boshqa shaxs beradi.
Veb-saytda joylashtirish uchun taqdim etiladigan axborot dolzarb, ishonchli, yaxlit, mavzu bloklari bo‘yicha aniq strukturalangan va taqsimlangan bo‘lishi kerak.
 

III. Veb-sayt ishini tashkil qilish

 

Axborotni veb-saytda joylashtirish Universitetning O‘quv ta'lim resurslari va dasturlarini tadbiq etish bo‘limi zimmasiga yuklatiladi.
Axborotni veb-saytda joylashtirishda Universitet O‘quv ta'lim resurslari va dasturlarini tadbiq etish bo‘limining asosiy funksiyalari va vazifalari quyidagilar hisoblanadi:
— Universitetning O‘quv ta'lim resurslari va dasturlarini tadbiq etish bo‘limi Universitet tarkibiy bo‘limlari tomonidan muntazam taqdim etiladigan, ommaviy axborot vositalari, shu jumladan, elektron ommaviy axborot vositalaridan olinadigan axborot materiallarini e'lon qilish;

— «O‘zinfokom» markazi bilan uzviy hamkorlikda veb-saytning axborot xavfsizligi va uzluksiz ishlashini ta'minlash;

— veb-saytning amaldagi qonun hujjatlari talablariga muvofiqligining doimiy monitoringini yuritish;

— veb-saytni rivojlantirish va faoliyatini takomillashtirish, veb-sayt orqali ko‘rsatiladigan interfaol xizmatlar ro‘yxatini kengaytirish va sifatini oshirish bo‘yicha takliflar ishlab chiqish va rahbariyatga kiritish;

— jamoatchilik, tadbirkorlik strukturalarining vakillari va Internet tarmog‘i boshqa foydalanuvchilarining veb-sayt faoliyati, ko‘rsatiladigan interfaol davlat xizmatlari to‘g‘risidagi fikrini o‘rganish bo‘yicha tahlil o‘tkazish;

— Universitetning rasmiy Internet faoliyati to‘g‘risidagi hisobot shakllarini o‘z vaqtida to‘ldirish.

O‘quv ta'lim resurslari va dasturlarini tadbiq etish bo‘limi Universitet faoliyati to‘g‘risidagi axborotni veb-saytda muntazam joylashtirishi kerak. Universitet veb-saytida joylashtirilishi majburiy bo‘lgan axborotga quyidagilar kiradi:
a) Universitetning huquqiy maqomi, shu jumladan, Universitet, uning tarkibiy bo‘limlari va buysunuvidagi tashkilotlarning tashkiliy strukturasi, funksiyalari va vazifalarini belgilovchi normativ-huquqiy hujjatlar;

b) Universitet tomonidan qabul qilingan normativ-huquqiy hujjatlar;

v) Universitetning kuchini yo‘qotgan normativ-huquqiy hujjatlarining tan olinganligi to‘g‘risidagi ma'lumotlar;

g) hukumat va davlat organlari tomonidan qabul qilingan davlat organining faoliyati sohasidagi dasturlar to‘g‘risidagi umumiy ma'lumotlar (nomi, maqsadi, asosiy vazifalari, buyurtmachilar, asosiy bajaruvchilar, amalga oshirish muddatlari va kutiladigan natijalar);

d) Universitet tomonidan o‘tkaziladigan tadbirlar to‘g‘risidagi ma'lumotlar (yig‘ilishlar, majlislar, uchrashuvlar, matbuot-konferensiyalari, seminarlar va brifinglar, davra suhbatlari, rasmiy tashriflar, Universitetning kundalik faoliyati to‘g‘risidagi boshqa axborot;

ye) Universitetning davlat organlari, yuridik va jismoniy shaxslar, shuningdek, chet el va xalqaro tashkilotlar bilan o‘zaro ishlashi to‘g‘risidagi ma'lumotlar;

j) amalga oshirilishida Universitet ishtirok etadigan xalqaro shartnomalar to‘g‘risidagi axborot;

z) asosiy ko‘rsatkichlar, shu jumladan, ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanish ko‘rsatkichlari to‘g‘risidagi ma'lumotlar;

i) Universitet, uning tashkilotlari tomonidan tovarlarni yetkazib berish (ishlarni bajarish, xizmatlar ko‘rsatish) bo‘yicha o‘tkaziladigan ochiq konkurslar (tenderlar) va kimoshdi savdolari to‘g‘risidagi ma'lumotlar;

k) vakant ish joylari va ishga qabul qilish shartlari to‘g‘risidagi ma'lumotlar;

l) rasmiy saytning axborot materiallaridan foydalanilganda, ushbu rasmiy saytga havolani majburiy ko‘rsatish to‘g‘risidagi talab;

m) Universitet veb-saytga joylashtirishni zarur deb hisoblaydigan boshqa hamma foydalanishi mumkin bo‘lgan axborot va ma'lumotlar.

Veb-sayt orqali majburiy tartibda Universitet tomonidan ko‘rsatiladigan asosiy axborot xizmatlari ro‘yxatiga quyidagilarni taqdim etish kiradi:
a) Universitetning rahbarlari to‘g‘risidagi ma'lumot axboroti (familiyalari, ism-shariflari, biografik va murojaat qilish ma'lumotlari, fuqarolarni qabul qilish kunlari va hokazo);

b) Universitetda fuqarolarning murojaatlari bilan ishlash bo‘yicha telefon nomerlari va manzil rekvizitlari (pochta va elektron manzil va b), uning ish tartibi to‘g‘risidagi ma'lumotlar, ma'lumot xizmati telefonlarining va ishonch telefonlarining raqamlari, jamoat transportining qatnov yo‘llari, to‘xtash joylarining nomlari va yo‘nalish raqamlari);

v) Universitet tomonidan qabul qilinadigan arizalar, blanklar va statistik hisobot shakllari;

g) fuqarolarning arizalari, shikoyatlari va boshqa murojaatlarini qabul qilish tartibi to‘g‘risidagi axborot;

d) Universitetning faoliyati to‘g‘risidagi tahliliy ma'ruzalar va axborot xarakteridagi sharhlar;

ye) Universitetning rasmiy nutqlari va bayonotlari matnlari;

j) Universitetning rasmiy statistik axborotlari;

Faqat axborot manbai ko‘rsatilgan holdagina boshqa manbalardagi axborotni veb-saytga joylashtirishga yo‘l qo‘yiladi.
 

Rasmiy veb-saytga qo‘yiladigan talablar
 

Veb-saytda joylashtirilgan asosiy axborotdan foydalanish erkin va bepul amalga oshiriladi.
Veb-saytda joylashtiriladigan axborotga sana qo‘yilishi va muntazam yangilanishi kerak. Axborotni yangilab borish muddati Universitet tomonidan belgilanadi, ammo haftasiga bir martadan kam bo‘lmasligi kerak.
16. Veb-saytdagi axborot O‘zbekiston Respublikasining davlat tilida taqdim etilishi kerak. Bunda veb-sayt rus va ingliz tillaridagi, shuningdek, boshqa tillardagi teng qiymatli yoki qisqartirilgan versiyalarga ega bo‘lishi mumkin.
17. Universitetning veb-saytida joylashtirilgan axborotni yo‘q qilish, blokirovka qilish, buzib ko‘rsatish, qalbakilashtirishning oldini olish va ruxsatsiz aralashuvning boshqa shakllaridan himoya qilinadi.
 

Veb-saytda joylashtirilgan ma'lumotlarga qo‘yiladigan talablar
 

Veb-saytda joylashtirilgan axborot ishonchli bo‘lishi kerak. Universitet tarkibiy bo‘limlari rahbarlari veb-saytda joylashtiriladigan axborotning ishonchliligi uchun javobgardir.
Veb-saytda joylashtiriladigan axborot ommaviy axborot vositalarida e'lon qilinadigan axborot bilan teng qiymatli kuchga ega bo‘ladi.
Veb-saytda joylashtirish uchun taqdim etiladigan axborotda O‘zbekiston Respublikasining davlat sirlaridan iborat ma'lumotlar yoki qonun hujjatlariga muvofiq foydalana olish bo‘yicha cheklovlarga ega boshqa ma'lumotlar bo‘lmasligi kerak.