logouzqora
  • uzbekistan
  • uzbekistan

Xalqaro aloqalar departamenti

Muxtarov Fikrat Abdullajonovich

Muxtarov Fikrat Abdullajonovich

Departament boshlig'i

Toshkent davlat agrar universitetining Xalqaro aloqalar departamenti universitetning xalqaro faoliyatini muvofiqlashtirish, global akademik va ilmiy hamkorlikni rivojlantirish hamda TDAUning xalqaro ta’lim va ilm-fan makonidagi mavqeini mustahkamlashga xizmat qiladi.
Departament dunyoning yetakchi oliy ta’lim muassasalari, ilmiy-tadqiqot markazlari, xalqaro tashkilotlar va boshqa hamkor institutlar bilan uzoq muddatli va o‘zaro manfaatli aloqalarni rivojlantiradi. Xalqaro hamkorlik ta’lim, ilm-fan, innovatsiyalar, akademik mobillik, qo‘shma ta’lim dasturlari, malaka oshirish hamda xalqaro loyihalarni amalga oshirish kabi ustuvor yo‘nalishlarni qamrab oladi.
Bugungi kunda Toshkent davlat agrar universiteti dunyoning turli mamlakatlaridagi 150 dan ortiq xorijiy universitet va tashkilotlar bilan hamkorlik aloqalarini yo‘lga qo‘ygan.

Asosiy maqsad

Departamentning asosiy maqsadi — universitetning xalqaro integratsiyasini izchil rivojlantirish, ilg‘or xorijiy tajriba va bilimlarni ta’lim hamda ilmiy-tadqiqot jarayonlariga tatbiq etish, talabalar va professor-o‘qituvchilar uchun xalqaro imkoniyatlarni kengaytirish hamda TDAUni agrar ta’lim, ilm-fan va innovatsiyalar sohasida ishonchli xalqaro hamkor sifatida ilgari surishdir.

Faoliyatning ustuvor yo‘nalishlari

Departament quyidagi asosiy yo‘nalishlarda faoliyat olib boradi:
• Yetakchi xorijiy universitetlar, ilmiy markazlar va xalqaro tashkilotlar bilan hamkorlik aloqalarini o‘rnatish va rivojlantirish;
• Xalqaro hamkorlik to‘g‘risidagi memorandum, bitim va shartnomalarni tayyorlash, muvofiqlashtirish hamda ularning ijrosini monitoring qilish;
• Talabalar, magistrantlar, doktorantlar va professor-o‘qituvchilarning akademik mobillik dasturlaridagi ishtirokini kengaytirish;
• Xorijiy professorlar, olimlar va soha mutaxassislarini universitetning ta’lim va ilmiy faoliyatiga jalb etish;
• Xalqaro grantlar, ilmiy-tadqiqot va institutsional rivojlanish loyihalarida universitet ishtirokini kengaytirish;
• Qo‘shma va ikki diplomli ta’lim dasturlarini xorijiy hamkorlar bilan hamkorlikda rivojlantirish;
• Xalqaro konferensiyalar, seminarlar, forumlar, yozgi maktablar, treninglar va boshqa akademik tadbirlarni tashkil etish;
• Professor-o‘qituvchilar va xodimlarning xorijiy universitet va ilmiy markazlarda malaka oshirishi hamda stajirovka o‘tishini qo‘llab-quvvatlash;
• Xorijiy delegatsiyalarning universitetga tashriflarini hamda TDAU delegatsiyalarining xorijiy tashriflarini muvofiqlashtirish;
• Universitetning xalqaro nufuzi va global akademik tarmoqlardagi ishtirokini kengaytirishga qaratilgan tashabbuslarni amalga oshirish.

Xalqaro hamkorlik geografiyasi

TDAUning xalqaro hamkorlik geografiyasi Osiyo, Yevropa, Amerika va boshqa mintaqalarni qamrab oladi. Universitet Xitoy Xalq Respublikasi, Janubiy Koreya Respublikasi, Yaponiya, Germaniya, Vengriya, Turkiya, Litva, Polsha, Gruziya, Belarus, Rossiya Federatsiyasi, Ozarbayjon, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Tojikiston, Mo’g’iliston, AQSh va boshqa mamlakatlardagi oliy ta’lim hamda ilmiy-tadqiqot muassasalari bilan hamkorlikni rivojlantirib kelmoqda.
Hamkorlik doirasida talabalar va professor-o‘qituvchilar almashinuvi, qo‘shma ilmiy tadqiqotlar, ta’lim dasturlari, ilmiy nashrlar, qisqa muddatli o‘quv kurslari, yozgi maktablar, stajirovkalar va xalqaro loyihalar amalga oshiriladi.

Akademik mobillik

Departament talabalar, magistrantlar, doktorantlar va professor-o‘qituvchilar uchun xalqaro akademik mobillik imkoniyatlarini kengaytirishga alohida e’tibor qaratadi.
Xorijiy hamkor universitetlar bilan tuzilgan kelishuvlar va xalqaro dasturlar asosida TDAU vakillari xorijda tahsil olish, ilmiy tadqiqot olib borish, stajirovka va malaka oshirish dasturlarida qatnashish imkoniyatiga ega. Shu bilan birga, xorijiy talabalar, professorlar va tadqiqotchilar TDAUdagi ta’lim va ilmiy faoliyatga jalb etiladi.

Xalqaro loyihalar va dasturlar

Universitet xalqaro va mintaqaviy dasturlar, grantlar hamda ilmiy-texnik loyihalarda faol ishtirok etadi. Bunday tashabbuslar orqali zamonaviy bilim va texnologiyalar transferi, ilmiy salohiyatni oshirish, tadqiqot infratuzilmasini rivojlantirish hamda agrar sohadagi global muammolarga innovatsion yechimlarni ishlab chiqish ko‘zda tutiladi.
Ustuvor yo‘nalishlar qatoriga oziq-ovqat xavfsizligi, iqlim o‘zgarishi, suv resurslaridan samarali foydalanish, aqlli qishloq xo‘jaligi, raqamli va yashil texnologiyalar, barqaror qishloq xo‘jaligi, o‘simlik va hayvonot genetik resurslari hamda agrar ta’limni modernizatsiya qilish kiradi.

Xalqaro hamkorlikka ochiqlik

Toshkent davlat agrar universiteti yangi xalqaro tashabbuslar va o‘zaro manfaatli hamkorlik takliflari uchun ochiq. Universitet xorijiy oliy ta’lim muassasalari, ilmiy-tadqiqot institutlari, xalqaro tashkilotlar va boshqa hamkorlarni qo‘shma ta’lim dasturlari, akademik almashinuv, ilmiy tadqiqotlar, xalqaro loyihalar, professor va ekspertlar almashinuvi, konferensiyalar hamda boshqa istiqbolli yo‘nalishlarda hamkorlik qilishga taklif etadi.

Birgalikda bilim, innovatsiya va barqaror rivojlanish uchun xalqaro hamkorlikni rivojlantiramiz.

1930-yilda Oʻrta Osiyo universitetining qishloq xoʻjaligi fakulteti negizida Oʻrta Osiyo qishloq xoʻjaligi instituti tashkil etildi. Bu institut 1934—1991-yillarda Toshkent qishloq xoʻjaligi instituti nomi bilan faoliyat koʻrsatdi. 1991-yilning aprel oyida Toshkent davlat agrar universiteti maqomi berildi.