favicon
  • uzbekistan
  • uzbekistan

O’qishni ko’chirish, chetlatish va tiklash tartibi

Davlat oliy ta’lim muassasalarida o‘qishni ko‘chirish va qayta tiklash jarayoni bepul amalga oshiriladi.

Oliy ta’limning turdosh ta’lim yo‘nalishlari ro‘yxati ta’lim muassasalariga o‘qishga qabul qilish bo‘yicha davlat komissiyasi tomonidan tasdiqlanadi.

Oliy ta’lim muassasalari talabalari o‘qishini ko‘chirishi yoki qayta tiklashda ta’lim yo‘nalishlarining (mutaxassisliklarining) nomlanishi bir xil bo‘lganda bunday ta’lim yo‘nalishlari (mutaxassisliklari) mos deb hisoblanadi.

Respublika davlat oliy ta'lim muassasalariaro o‘qishni ko‘chirishga (ichki “perevod”) 2 ta uzrli sababga asosan ruxsat beriladi:
Talaba oila qurishi munosabati bilan turmush o‘rtog‘i doimiy yashaydigan hududdagi OTMga o‘qishini ko‘chirish uchun murojaat qilganda;
Davlat xizmatchisi ish joyi o‘zgargan taqdirda uning turmush o‘rtog‘i yoki voyaga yetmagan farzandi o‘qishini ko‘chirish uchun murojaat qilganda (tegishli vazirlik/idora rahbarining tavsiyasi asosida).
Boshqa holatlarda “ichki perevod”ga ruxsat berilmaydi.

Xorijiy davlatlardagi OTMdan o‘qishni ko‘chirishda (tashqi “perevod”):
Mos va turdosh ta’lim yo‘nalishiga talabadan alohida iqtidor talab etiladigan ta’lim yo‘nalishlari bo‘yicha kasbiy (ijodiy) imtihonlar, boshqa ta’lim yo‘nalishlari bo‘yicha test sinovlari natijasida o‘tish balini to‘plash talab etiladi. Bunda kasbiy (ijodiy) imtihonlar tegishli OTM, test sinovlari esa DTM tomonidan o‘tkaziladi.

O‘tish balidan past ball to‘plagan talabalarga tabaqalashtirilgan to‘lov-kontrakt asosida o‘qishini ko‘chirishga ruxsat beriladi.
Mos va turdosh bo‘lmagan ta’lim yo‘nalishlariga ko‘chirishga ruxsat etilmaydi.
O‘zbekistondagi xorijiy va nodavlat OTMdan o‘qishni ko‘chirish xorijiy OTMdan o‘qishni ko‘chirish tartibi kabi tashkil etiladi.
Mos va turdosh bo‘lmagan ta’lim yo‘nalishiga tegishli bakalavriat ta’lim yo‘nalishi uchun belgilangan tabaqalashtirilgan to‘lov-kontrakt (super-kontrakt)ni bir martalik to‘lov asosida ko‘chirish mumkin.

Arizalar quyidagi elektron platformalar orqali qabul qilinadi:
transfer.edu.uz — respublikaning bir OTMdan boshqa OTMga yoki bir OTM doirasida;
uzbmb.uz — xorijiy va nodavlat oliy ta’lim muassasalaridan.
Hujjatlar qabul qilish muddati:
🗓️ 5 avgustga qadar (shu kuni ham) davom etadi.

Kerakli hujjatlar:
Ariza (onlayn tarzda)
Transkript yoki reyting daftarchasi (JPEG yoki PDF shakli)
Akademik ma’lumotnoma (o‘qishni tiklovchilar uchun)

O‘qishni qayta tiklash bo‘yicha arizalarni topshirish va ko‘rib chiqish bir yilda 2 marta amalga oshiriladi:

O‘qishini kuzgi semestrga qayta tiklash bo‘yicha ariza topshirish — har yili 15 iyuldan 5 avgustga qadar;
O‘qishini bahorgi semestrga qayta tiklash bo‘yicha ariza topshirish — har yili 15 yanvardan 25 yanvarga qadar davom etadi.

Qayta tiklash bo‘yicha qaror qabul qilish:
Kuzgi semestrga qayta tiklash uchun — har yili 5 avgustdan 30 avgustga qadar;
Bahorgi semestrga qayta tiklash uchun — har yili 25 yanvardan 15 fevralga qadar amalga oshiriladi.

Talabalar safidan chetlashtirilgan fuqarolar o‘qishini boshqa oliy ta’lim muassasasiga mos (turdosh) ta’lim yo‘nalishi (mutaxassisligi)ga ko‘chirib tiklash to‘g‘risida ariza berish huquqiga ega.
Bunda arizaga o‘qishni ko‘chirish tartibidagi hujjatlar taqdim etiladi.

Barcha o‘quv shakllari bo‘yicha talabalar safiga qayta tiklash to‘lov-kontrakt asosida amalga oshiriladi.

Davlat grantlari bo‘yicha ta’lim olgan:
Yetimlar,
I va II guruh nogironligi bo‘lgan shaxslar,
Shuningdek, muddatli harbiy xizmatni o‘tagan,
Akademik ta’tildan belgilangan muddatda qaytgan shaxslar,
Davlat buyurtmasi bilan xorijga o‘qishga yuborilgan va belgilangan muddatda qaytgan talabalar
istisno tariqasida o‘qishga (muayyan kursga) davlat grantlari o‘rinlariga qayta tiklanishi mumkin.

O‘qishdan chetlashtirilgan (kursdan qoldirilgan) o‘quv yili davomida kursiga talabani o‘qishga qayta tiklashga (ko‘chirib tiklashga) yo‘l qo‘yilmaydi.

Talabani boshqa oliy ta’lim muassasasiga o‘qishini ko‘chirib qayta tiklashda uning ilgari ta’lim olgan oliy ta’lim muassasasi roziligi talab etilmaydi.

Quyidagi holatlar o‘qishni ko‘chirish va qayta tiklash haqidagi arizasiga rad javobi berilishiga asos bo‘ladi:

Xorijiy davlatlarning akkreditatsiyaga ega bo‘lmagan oliy ta’lim muassasalarida yoki ularning filiallarida o‘qiganlarga;

Respublika oliy ta’lim muassasalaridagi mavjud ta’lim shaklidan o‘zga (boshqa) ta’lim shaklida o‘qiganlarga;

Oliy ta’lim muassasalarining markazlari, bo‘limlari, o‘quv-maslahat punktlari va boshqalarda o‘qiganlarga;

Birinchi kursning birinchi semestriga, birinchi semestr tugallanmagan holatda o‘qishni ko‘chirishga (talabaga kasallik tufayli akademik ta’til berilgan holatlar, o‘qigan ta’lim yo‘nalishi mavjud bo‘lmaganda ko‘chirib tiklash holatlari bundan mustasno);

Oliy ta’lim muassasasida mos (turdosh) ta’lim yo‘nalishi (mutaxassisligi) yoki ta’lim shakli mavjud bo‘lmasa;

Namunay o‘quv rejalaridagi umumkasbiy va ixtisoslik (mutaxassislik) fanlari bo‘yicha farqlar 4 tadan oshganda;

To‘lov-kontrakt asosida o‘qishga tavsiya etilganlar to‘lovni belgilangan muddatda amalga oshirmaganda;

Talabaning shaxsiy yig‘ma jildi (akademik ma’lumotnoma) belgilangan muddatlarda taqdim etilmaganda;

Oliy ta’lim muassasasiga davlat granti asosida ko‘chirish va qayta tiklashda, davlat granti asosida ta’lim oluvchilar soni (qabul kvotalari) doirasida bo‘sh o‘rinlar mavjud bo‘lmasa;

Oliy ta’lim muassasasi moddiy-texnika bazasining imkoniyati cheklanganda;
Maqsadli qabul qilinganlar boshqa ta’lim yo‘nalishi yoki ta’lim shakliga, boshqa oliy ta’lim muassasasiga o‘qishni ko‘chirishni so‘rasa;

Kechki (smenali) ta’limdan sirtqi (maxsus sirtqi) ta’limga, kechki (smenali) ta’limning bir ta’lim sohasidan ikkinchi ta’lim sohasiga ko‘chirish holatlari;

Sirtqi (maxsus sirtqi) ta’limdan kunduzgi ta’limga, hamda sirtqi (maxsus sirtqi) ta’limning bir ta’lim sohasidan ikkinchi ta’lim sohasiga ko‘chirish holatlari;

Bir ta’lim shaklidan maxsus sirtqi ta’lim shakliga, hamda maxsus sirtqi ta’lim shaklidan boshqa ta’lim shakliga ko‘chirish holatlari;

Talaba O‘zbekiston va xorijiy oliy ta’lim muassasalarining o‘zaro kelishuvi asosida qabul qilinib, qo‘shma ta’lim dasturlari asosida tahsil olgan yoki olayotgan bo‘lsa (mazkur qo‘shma dastur doirasidagi o‘qish bundan mustasno);
Qonun hujjatlarida belgilangan boshqa holatlarda.

Quyidagi hollarda talabalar o‘qishini ko‘chirish va qayta tiklash Davlat komissiyasi qarori bilan amalga oshiriladi:

Xorijiy davlatlarning akkreditatsiyaga ega bo‘lgan oliy ta’lim muassasalaridan O‘zbekiston oliy ta’lim muassasalariga;
Bir oliy ta’lim muassasasi doirasida, yoki bir vazirlik yoki idora, yoxud turli vazirliklar va idoralar tizimidagi oliy ta’lim muassasalariga, oliy ta’limning turdosh bo‘lmagan yo‘nalishlariga va istisno tariqasida mos bo‘lmagan mutaxassisliklariga.

Quyidagi hollarda o‘qishni ko‘chirish va qayta tiklash oliy ta’lim muassasasi bo‘ysunadigan vazirlik (idora) qarori asosida amalga oshiriladi:

Oliy ta’limning mos va turdosh yo‘nalishlari hamda mos mutaxassisliklari bo‘yicha bir vazirlik (idora) doirasida boshqa oliy ta’lim muassasasiga;

Oliy ta’limning mos va turdosh yo‘nalishlari hamda mos mutaxassisliklari bo‘yicha turli vazirlik (idora) doirasida bir oliy ta’lim muassasasidan boshqa oliy ta’lim muassasasiga.

Bir oliy ta’lim muassasasi doirasida, oliy ta’limning mos va turdosh yo‘nalishlari hamda mos mutaxassisliklari bo‘yicha o‘qishni ko‘chirish va qayta tiklash shu oliy ta’lim muassasasi rektorining buyrug‘i asosida amalga oshiriladi.

Talabalar o‘qishini ko‘chirish yoki qayta tiklash:
1. Oliy ta’lim muassasalari.
2. Tizimida oliy ta’lim muassasalari bo‘lgan vazirliklar va idoralar.
3. Ta’lim muassasalariga qabul qilish bo‘yicha Davlat komissiyasi qarorlari asosida amalga oshiriladi.

1930-yilda Oʻrta Osiyo universitetining qishloq xoʻjaligi fakulteti negizida Oʻrta Osiyo qishloq xoʻjaligi instituti tashkil etildi. Bu institut 1934—1991-yillarda Toshkent qishloq xoʻjaligi instituti nomi bilan faoliyat koʻrsatdi. 1991-yilning aprel oyida Toshkent davlat agrar universiteti maqomi berildi.