Toshkent davlat agrar universitetida Germaniya Bundestagi Qishloq xo‘jaligi, oziq-ovqat va taraqqiyot qo‘mitasi raisi Herman Frerber boshchiligidagi Bundestag (parlament) delegatsiyasi hamda Konrad Adenauer jamg‘armasining Markaziy Osiyo bo‘yicha mintaqaviy dasturi vakillari ishtirokida “Barqaror qishloq xo‘jaligi va kelajak uchun ta’lim: ekologik ong va agrar ta’limdagi innovatsiyalar” mavzusida davra suhbati tashkil etildi. Uchrashuvni Toshkent davlat agrar universiteti Xalqaro hamkorlik, transformatsiya va strategik rivojlanish bo‘yicha prorektori A. Abduvasikov ochib, Germaniya bilan qishloq xo‘jaligi, ilm-fan va ta’lim sohasidagi hamkorlikning bugungi holati, shuningdek, universitet faoliyatining ustuvor yo‘nalishlari — ekologik barqarorlik, oziq-ovqat xavfsizligi hamda innovatsion ta’lim tizimini rivojlantirish haqida ma’lumot berdi.
Delegatsiya a’zolari Germaniyaning agrar siyosati, oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlash, ekologik muhofaza va ta’lim sohasidagi ilg‘or tajribalari yuzasidan o‘z ma’ruzalari bilan ishtirok etdilar.
Davra suhbati davomida O‘zbekistonda agrar ta’lim tizimining rivoji, ilmiy-tadqiqot ishlari, ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish masalalari atroflicha muhokama qilindi. Shuningdek, Germaniya bilan agrar sohada kadrlar tayyorlash, qo‘shma loyihalarni amalga oshirish va hamkorlik istiqbollari yuzasidan fikr almashildi.
Ijtimoiy tarmoqlar:



