Xalqaro loyihalar










Bugun Toshkent shahrida Xalqaro paxta kuni hamda dengizga chiqish imkoniyati bo‘lmagan rivojlanayotgan davlatlarning oziq-ovqat xavfsizligi masalalariga bag‘ishlangan xalqaro forumlar bo‘lib o‘tmoqda. Ularda dunyoning 30 dan ortiq mamlakatidan olimlar, ekspertlar, tadbirkorlar, xalqaro tashkilotlar vakillari va soha mutaxassislari ishtirok etmoqda.
Mazkur nufuzli tadbirlarda Toshkent davlat agrar universiteti jamoasi ham faol ishtirok etmoqda. Universitet vakillari xalqaro ekspertlar va yetakchi mutaxassislar bilan birgalikda paxtachilik, oziq-ovqat xavfsizligi, zamonaviy agrotexnologiyalarni joriy etish, iqlim o‘zgarishi sharoitida qishloq xo‘jaligini rivojlantirish hamda qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini chuqur qayta ishlash yo‘nalishlaridagi dolzarb masalalar yuzasidan fikr almashmoqda.
Forumlar davomida jahon agrar sohasida kuzatilayotgan yangi tendensiyalar, innovatsion texnologiyalar, suv va yer resurslaridan samarali foydalanish, mahsulotlarni saqlash hamda logistika tizimlarini takomillashtirish bo‘yicha ilg‘or tajribalar muhokama qilinmoqda.










Birlashgan Millatlar Tashkilotining Oziq-ovqat va qishloq xo‘jaligi tashkiloti (FAO) Bosh direktori Qu Dongyu boshchiligidagi delegatsiya Qishloq xo‘jaligi vaziri Ibrohim Abdurahmonov hamrohligida Toshkent davlat agrar universitetiga (TDAU) tashrif buyurdi. Mehmonlarni TDAU rektori Narzullo Oblomuradov hamda Xalqaro qishloq xo‘jaligi universiteti rektori Munira Aminova kutib oldi.
Tashrif davomida FAO Bosh direktori va delegatsiya a’zolariga universitetning ta’lim, ilmiy-tadqiqot va amaliy faoliyati, xalqaro hamkorlik yo‘nalishlari, moddiy-texnik bazasi hamda talabalar uchun yaratilgan zamonaviy sharoitlar haqida ma’lumot berildi. Universitet hududida tashkil etilgan tanishtiruv ekskursiyasi davomida mehmonlarga «Renessans» ma’ruza zali, qishloq xo‘jaligining ilg‘or namunalari ko‘rgazmasi, agrar sohada qo‘lga kiritilgan yutuqlar va istiqbolli loyihalar, shuningdek, Qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini saqlash va qayta ishlash fakultetining faoliyati, zamonaviy laboratoriyalar, o‘quv jarayoni va talabalarning amaliy mashg‘ulotlari namoyish etildi.
FAO Bosh direktori, TDAU professor-o‘qituvchilari va talabalari ishtirokida uchrashuv bo‘lib o‘tdi. Muloqot davomida agrar ta’lim va ilm-fanni rivojlantirish, zamonaviy qishloq xo‘jaligi texnologiyalarini joriy etish, oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlash, iqlim o‘zgarishlariga moslashish hamda yosh mutaxassislarning agrar sohadagi o‘rni yuzasidan fikr almashildi. Uchrashuv davomida talabalar o‘zlarini qiziqtirgan savollarni berib, xalqaro tajriba almashinuvi, ilmiy loyihalarda ishtirok etish va FAO bilan hamkorlikni rivojlantirishga oid takliflarini bildirdilar.
Tashrif doirasida universitet hududidagi bog‘da ko‘chat ekish tadbiri ham tashkil etildi. Unda FAO Bosh direktori Qu Dongyu talabalar bilan birgalikda daraxt ko‘chatlarini ekishda ishtirok etdi.
Sizlarga Germaniyaning Zittau/Görlitz amaliy fanlar universiteti bilan 2026 yil qishki semestr uchun “Freemover” formatidagi akademik almashinuv dasturida ishtirok etish imkoniyati mavjudligini ma’lum qilamiz.
Dasturda ingliz yoki nemis tilini biladigan bakalavriat va magistratura bosqichi talabalari ishtirok etishlari mumkin.
Dastur xarajatlari talabalar tomonidan mustaqil qoplanadi. Shu bilan birga, Germaniya tomoni O‘zbekistondan keladigan talabalar uchun 350 yevro miqdoridagi semestr badalini qoplash imkoniyatini ko‘rib chiqmoqda.
Mazkur ma’lumotni qiziqish bildirgan talabalar orasida tarqatishingizni so‘raymiz.
Hujjatlarni topshirish muddati — 2026 yil 30 iyungacha.
Ta’lim dasturlari va fanlar ro‘yxati bo‘yicha qo‘shimcha ma’lumotlar hamkor universitetning ma’lumotlari asosida taqdim etiladi.
Hurmat bilan,
Dr. Zliha Tileuova
Saxon Science Liaison Office Uzbekistan
Murojaat uchun: +998977726422
