Siz soya o‘simligi to‘g‘risida, uning oziq-ovqatda, chorvachilikda ishlatilishi hamda tuproq unumdorligini oshirishi bo‘yicha ancha rasmiy axborot vositalari ma’lumotlariga egasiz. Lekin, Respublika sharoitida soyadan yuqori hosil yetishtirish bo‘yicha ma’lumotlar kam bo‘lganligi sababli qisqacha va muhim ma’lumotlar bo‘yicha tavsiyalar tayyorlab, e’tiboringizga havola etmoqdamiz. Soya (Glycine hispida L.) - Bu bir yillik o‘tsimon o‘simliklar avlodi dukkaklilar Fabaceae oilasiga mansub, bahorgi issiqsevar qisqa kunli o‘simlik bo‘lib, barcha turlari o‘suv davri, dukkagini, bargining kattaligi, tupining shakli, urug‘ining kattaligi va shakli bo‘yicha farq qiladi. Soya o‘zining ishlatilishidagi serqirraligiga ko‘ra dehqonchilik tizimidagi barcha o‘simliklar orasida tengsizdir. Chunki, uning doni tarkibida yuqori sifatli aminokislotalar bilan ta’minlanganlik jihatidan go‘sht, sut, tuxum kabi eng muhim oziq-ovqat mahsulotlari bilan tenglasha oladigan 28-55 % oqsil, 18-27 % ekologik toza o‘simlik moyi, 20 % uglevodlar, ko‘plab mineral tuzlarni, vitaminlarni saqlashi bilan alohida ahamiyat kasb etadi.
Soyani yangi mahalliy serhosil navlaridan asosiy ekin sifatida don olish uchun qanday yetishtiriladi?
O‘tmishdosh. Soya yetishtiriladigan asosiy tumanlarda erta yig‘ib olinadigan kuzgi g‘alla, makkajo‘xori, shuningdek bir yillik va ko‘p yillik o‘tlar, o‘g‘itlangan shudgor yaxshi o‘tmishdosh hisoblanadi. Soya ekilgan joyga qayta ekish kamida 2 yildan so‘ng amalga oshiriladi, almashlamasdan yoki takror bir joyda yetishtirishda soyaning hosili keskin kamayib ketadi.
O‘g‘itlash.
Yer haydashdan oldin chirindisi kam tuproqlarda 10-15 tonna go‘ng, 100 kg fosfor va kaliy o‘g‘iti solinadi, ekishdan oldin 20-30 kg azot, ekish bilan bir vaqtda 10-15 kg NPK va o‘suv davrida 1-2 marta oziqlantiriladi, bunda 30-50 kg fosforli o‘g‘it solinadi. Nitragin ishlatilmasa gektariga 100-150 kg azot solinadi. Ammo bu me’yorda azotli o‘g‘it qo‘llamaslikka harakat qilish kerak.
Ekish. Ekish muddati tuproqning harorati va namligi, navning biologik xususiyatlari va dalaning ifloslanganlik darajasiga bog‘liqdir. Bahor erta kelganda soyani aprel oxirida, yog‘ingarchilik ko‘p bo‘lgan yillarda may oyida ekish mumkin. Takroriy ekin sifatida esa kuzgi boshoqli don ekinlardan bo‘shagan yerlarga ekiladi. Soya asosan keng qatorlab, qator orasi 60-70 sm, gektariga 300-500 ming dona unuvchan urug‘ hisobida ekish chuqurligi 3-5 sm qilib ekiladi.
Ekinlarni parvarishlash. Qator orasiga ishlov berish - to‘la maysalanishda, birinchisidan 15-20 kun o‘tgach 6-8 sm chuqurlikda ikkinchisi o‘tkaziladi. Ildizlar faol tarqalgan tuproq qatlamida namlik gullaguncha 65-70 %, gullash - don to‘lishi davrida 75-80 % va pishish davrida 60-65 % atrofida namlikni ta’minlash kerak. Sug‘orishlar soni o‘rtacha 4-5 marta bo‘lib, har sug‘orishda 800-850 m3/ga me’yorda suv beriladi. Sug‘orishlar don to‘lishishidan so‘ng to‘xtatiladi. O‘simliklarning o‘sishi va rivojlanishi yaxshi bo‘lmasa, yillik me’yorga nisbatan 10-15 % o‘g‘itlar qo‘shimcha ravishda berilishi yoki barg orqali suspenziya holida oziqlantirish mumkin. Zararkunanda, kasalliklar va begona o‘tlarga qarshi kurashish tadbirlari albatta mavsumiy o‘tkazilishi shart bo‘lib, biologik usulda kurashish hamda respublikamiz xududida ruxsat etilgan tegishli kimyoviy preparatlar qo‘llanishi ko‘zda tutilgan.
Hosilni yig‘ish. Soyaning hosili Don-1500, Klass, SK-5, Keys, SKD-6 don kombaynlari yordamida yig‘iladi. Kechpishar soya navlarini yetishtirishda pishib yetilishini tezlatish uchun kimyoviy vositalar yordamida o‘simliklarni sun’iy quritish uchun desikatsiya qilinadi. Buning uchun magniy xlorit (20 kg) yoki reglan (3 l) ishlatiladi. Dukkaklar 45-55 % pishganda bir gektarga 100 l hisobidan ishchi eritma bilan desikatsiya qilinadi. Urug‘lar OС-4,5A Syper-Petkus, СM-4 mashinalarida tozalanadi va saralanadi. Bunda yig‘ilgan donning namligi 14 % dan oshmasligi kerak.
Xulosa qilib aytganda soya ekish nima beradi:
xalqimiz dasturxonini oziq-ovqat va chorvachilik mahsulotlari bilan boyitadi;
chorva mollari va parrandalar sifatli va oqsilga boy ozuqa bilan ta’minlanadi;
respublika moy zavodlariga arzon, sifatli xomashyo yetkazib berilib, ularning ishlash muddati uzayadi va o‘simlik moyi chetdan keltirilmaydi;
dehqonchilikda tuproq unumdorligi oshadi va qisqa muddatli almashlab ekish tizimi vujudga keladi.
Agromuhandislik va agrotexnologiyalar
fakulteti, O‘simlikshunoslik va moyli
ekinlar kafedrasi dotsenti, q.x.f.d. I.A.Israilov
SOYА EKININI YЕTISНTIRISНNIBILASIZMI?
11 Iyul 2025
