Toshkent davlat agrar universitetining 95 yillik tantanalari doirasida madaniy, ma’rifiy va adabiy kecha o‘tkazildi. Tadbirni universitet rektori, professor N. Oblomuradov ochib berdi. — “Ushbu anjuman juda yuksak saviyada bo‘lib o‘tdi. Bu yoshlar uchun katta maktab vazifasini o‘taydi. Bugun agrar ta’lim bayroqdori bo‘lgan jonajon Toshkent davlat agrar universiteti jamoasini qutlug‘ sana bilan muborakbod etaman,” — deya ta’kidladi rektor o‘z so‘zida. Shuningdek, Toshkent viloyati Nuroniylar kengashi raisi A. Nosirov ham so‘zga chiqib, o‘z samimiy tabriklarini bildirdi: — “Har yili bir necha bor ustozlarimni, qadrdonlarimni ko‘rgani kelganman. Kitobni yaratgan insonlarga minnatdorligimni bildiraman — bu asar men uchun eng katta sovg‘a bo‘ldi. Unda men ustozlarimni, talabalik davrlarini his qildim. Ishonamanki, sizlar kelajakda katta yutuqlarga erishib, o‘z bilimlaringizni xalqqa xizmat yo‘lida sarflaysizlar,” — dedi u. Xalq deputatlari Toshkent viloyati kengashi raisi S. Fayziyeva esa o‘z tabrik so‘zida shunday dedi: — “Bugungi yoshlarimiz aqlli texnologiyalar va raqamli iqtisodiyot orqali respublikamiz taraqqiyotiga o‘z hissasini qo‘shmoqda. Universitetlar ichida eng e’tiborli, eng sevimli maskanimiz — bu Toshkent davlat agrar universitetidir,” — deya ta’kidladi. Tadbirda yubiley marosimiga tashrif buyurgan xorijlik mehmonlar, professor-o‘qituvchilar, faxriy ustozlar, xodimlar hamda talaba-yoshlar ishtirok etdilar. Bayramning badiiy qismida O‘zbekiston Respublikasida xizmat ko‘rsatgan artist, xalqaro tanlovlar g‘olibi Ilyos Arabov, O‘zbekiston Xalq artisti Zamira Suyunova, shuningdek universitetning “Bo‘ston” ashula va raqs ansambli badiiy rahbari Yulduz Janibekova hamda ansambl a’zolari tomonidan kuy va qo‘shiqlar ijro etildi.
Milliy ruh va quvonch bilan to‘yingan “Farg‘ona tong otguncha”, “Mustahzod”, “Bog‘ishamol”, “Folklor” termalari, “Xorazm” popurisi kabi kuy-qo‘shiqlar barchaning ko‘nglidan joy oldi. Tomoshabinlar san’atkorlar bilan birgalikda raqsga tushib, tadbirni yanada fayzli muhitga aylantirdilar. Bir so‘z bilan aytganda, bayram bayramdek, to‘y to‘ydek bo‘ldi!
Ijtimoiy tarmoqlar:
Shuningdek o'qing





