Navro‘z arafasida qadimiy an’analarni ulug‘lash, milliy qadriyatlarimizni asrab-avaylash va jamoaviy birdamlikni mustahkamlash maqsadida o‘tkazilgan ushbu kecha ko‘tarinki ruhda kechdi. Professor-o‘qituvchilar va talabalar ezgu niyatlar bilan qozonda sumalak pishirib, bahoriy kuy-qo‘shiqlar ostida bayram shukuhini yanada yuksaltirdilar. Har bir niyatga oq yo‘l tilanib, qozon atrofida birlashgan jamoa o‘zaro hamjihatlik va birdamlik namunasini ko‘rsatdi. Tadbir davomida universitet rektori N. Oblomuradov hamda prorektorlar talaba-yoshlar va ustozlar bilan samimiy suhbat qurib, barchani kirib kelayotgan Navro‘z ayyomi bilan muborakbod etdilar. Ular o‘z so‘zlarida milliy qadriyatlarimizni asrash, yosh avlodni vatanparvarlik va mehnatsevarlik ruhida tarbiyalash muhimligini alohida ta’kidladilar. Ayniqsa, muborak Ramazon oyiga to‘g‘ri kelgan ushbu kunlarda yozilgan iftorlik dasturxoni tadbirga o‘zgacha fayz bag‘ishladi. Bir dasturxon atrofida jam bo‘lish — mehr-oqibat, shukronalik va hamjihatlikning yorqin ifodasi bo‘ldi. Talabalar va ustozlar birgalikda iftorlik qilib, samimiy suhbatlar qurishdi, ezgu tilaklar bildirildi.
Mazkur bayram tadbiri nafaqat milliy an’analarimizni targ‘ib qildi, balki universitet jamoasining yakdilligi, o‘zaro hurmati va mustahkam jamoaviy ruhini yana bir bor namoyon etdi.
Ijtimoiy tarmoqlar:



