Toshkent davlat agrar universitetida “Iqlim oʻzgarishi bilan bogʻliq ekologik xavflar va amaliy choralari” mavzusidagi Respublika ilmiy-amaliy anjumani oʻtkazildi. Tadbirda soha tashkilotlari, oliy taʼlim muassasalari hamda ilmiy-tadqiqot institutlarining soha mutaxassislari, professor-olimlar va yosh tadqiqotchilar jam boʻlishdi.
Anjumanning ochilish qismida ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish, qishloq xoʻjaligida ilm-fan va innovatsiyalarni rivojlantirish hamda sohaga oid siyosiy va huquqiy islohotlar xususida soʻz bordi. Shuningdek, asosiy qismda iqlim inqirozining oldini olish va unga moslashish boʻyicha qator muhim yoʻnalishlarda ilmiy maʼruzalar tinglandi.
Anjuman doirasida ishtirokchilar quyidagi toʻrtta yoʻnalish (shoʻba) boʻyicha oʻzaro tajriba almashib, qizgʻin muhokamalar olib borishdi:
Ekologik madaniyat: Atrof-muhitni muhofaza qilishda aholining ekologik ongini va xabardorlik darajasini oshirish.
Resurslardan barqaror foydalanish: Tuproq degradatsiyasining oldini olish hamda transchegaraviy suv oqimlaridan foydalanish muammolari.
Agrosanoat va biologik himoya: Biologik resurslardan oqilona foydalanish, qishloq xoʻjaligi mahsulotlarini yetishtirish va ularni kasallik hamda zararkunandalardan himoya qilish.
Raqamli monitoring: Agrosanoat tizimida iqlim oʻzgarishi taʼsirini zamonaviy raqamli texnologiyalar va sunʼiy intellekt yordamida kompleks baholash va tahlil qilish.
Anjuman yakunida bildirilgan taklif va tavsiyalar muhokama qilinib, iqlim oʻzgarishi oqibatlarini yumshatishga qaratilgan amaliy choralar belgilab olindi hamda faol ishtirokchilar taqdirlandi.
Ijtimoiy tarmoqlar:








