Toshkent davlat agrar universitetida Qishloq xo‘jaligi vazirligi tizimidagi oliy ta’lim muassasalari hamda ilmiy-tadqiqot tashkilotlarining yosh tadqiqotchilari va doktorantlari o‘rtasida o‘tkazilgan “Agroinnovatsiya va yoshlar” respublika ko‘rik-tanlovi o‘z nihoyasiga yetdi. Yakuniy tadbirda Toshkent davlat agrar universiteti rektori, professor Narzullo Oblomuradov, O‘zbekiston “Agrar soha ayollari” uyushmasi raisi Adiba Axmedjanova, O‘zbekiston agrosanoat majmui xodimlari kasaba uyushmasi Respublika Kengashi raisi o‘rinbosari Erkin Bayniyazov hamda BMTning Oziq-ovqat va qishloq xo‘jaligi tashkiloti (FAO)ning O‘zbekistondagi vakolatxonasi vakili Orifjon Namozov hamda talabalar ishtirok etdi. Tanlov davomida respublikamizdagi oliy ta’lim muassasalari va ilmiy-tadqiqot institutlari jamoalari o‘zlarining ilmiy ishlanmalari, startap loyihalari va innovatsion g‘oyalarini namoyish etdi. Taqdimotlarda agrar sohani modernizatsiya qilish, resurslardan oqilona foydalanish va qishloq xo‘jaligiga zamonaviy texnologiyalarni joriy etishga qaratilgan ishlanmalarga alohida e’tibor qaratildi. Toshkent davlat agrar universitetining “AGRO YANGI AVLOD” jamoasi “Tomchi oy” loyihasi bilan tanlovda munosib ishtirok etib, birinchi darajali o‘rinni qo‘lga kiritdi hamda xorijiy sayohat yo‘llanmasi bilan taqdirlandi. “Tomchi oy” — o‘simlikdagi namlik tanqisligini erta aniqlash va suv resurslarini tejashga mo‘ljallangan innovatsion qurilma. Loyihaning amaliy ahamiyati, ayniqsa, suv resurslari cheklangan sharoitda qishloq xo‘jaligi ekinlarini yetishtirish samaradorligini oshirish, suv isrofini kamaytirish va zamonaviy tejamkor texnologiyalarni keng joriy etishda namoyon bo‘ladi.
Ijtimoiy tarmoqlar:









