Toshkent davlat agrar universiteti Agrokimyo va tuproqshunoslik kafedrasi tomonidan FAO–Xitoy hamkorlik dasturi doirasida amalga oshirilayotgan “Global Janubda tuproqni barqaror boshqarish sohasida salohiyatni oshirish” loyihasi asosida Qoraqalpog‘iston Respublikasida ilmiy-amaliy tadqiqotlar davom etmoqda. Tajriba-sinov ishlari Chimboy tumanidagi Qoraqalpog‘iston dehqonchilik ilmiy-tadqiqot instituti tajriba maydonlarida olib borilmoqda. Tadqiqotlardan ko‘zlangan asosiy maqsad hududning tuproq-iqlim sharoitini hisobga olgan holda tuproq unumdorligini saqlash, sho‘rlanish va degradatsiya jarayonlarini o‘rganish hamda barqaror dehqonchilik usullarini takomillashtirishdan iborat. Loyiha doirasida tajriba maydonlariga 15 turdagi istiqbolli kuzgi ekinlar ekilgan. Ular orasida kuzgi raps, rijik, maxsar, kuzgi xantal, suli, xashaki no‘xat, kuzgi bug‘doy, kuzgi arpa, tritikale va javdar kabi ekinlar mavjud. Tadqiqotlar davomida ekinlarning sho‘rlanishga chidamliligi, o‘sishi va rivojlanishi, biomassa to‘plash xususiyatlari o‘rganilmoqda. Shuningdek, tuproq namunalarini laboratoriya sharoitida tahlil qilish orqali sho‘rlanish darajasi va tuproqning meliorativ holatini baholashga alohida e’tibor qaratilmoqda. Mazkur loyiha xalqaro ilmiy hamkorlikni mustahkamlash, ilg‘or tajribalarni O‘zbekiston sharoitiga moslashtirish hamda tuproq resurslarini muhofaza qilish orqali qishloq xo‘jaligi barqarorligini ta’minlashga qaratilgan.
Ijtimoiy tarmoqlar:









