Toshkent davlat agrar universiteti jamoasi, agrar ilm-fan rivojiga ulkan hissa qo‘shgan, biologiya fanlari doktori, professor Igor Vladimirovich Belolipovning vafoti munosabati bilan uning oila a’zolari, yaqinlari, shogirdlari va hamkasblariga chuqur ta’ziya izhor etadi
Igor Vladimirovich Belolipov 1939-yil 20-fevral kuni Toshkent shahrida tavallud topgan, u butun umrini ilm-fan va ta’lim rivojiga bag‘ishladi. O‘zining 61 yildan ortiq ilmiy-pedagogik faoliyati davomida O‘zbekiston botanika ilmi, o‘simliklar introduksiyasi, bioxilma-xillikni saqlash va noyob o‘simlik turlarini muhofaza qilish yo‘nalishlarida samarali mehnat qildi. U tomonidan ilk bor O‘zbekiston sharoitida yovvoyi o‘suvchi 12 ta asosiy o‘simlik tipining introduksion xususiyatlari o‘rganilib, tabiiy flora vakillarining introduksion imkoniyatlarini aniqlashga xizmat qiluvchi ekologik-introduksion usullar ishlab chiqildi.
Ustoz olim 200 dan ortiq ilmiy ishlar, monografiyalar, darslik va o‘quv qo‘llanmalar muallifi bo‘lib, O‘zbekiston Respublikasining “Qizil kitobi” nashrlarining hammualliflaridan biri edi.
Professor I.V. Belolipovning ilm-fan taraqqiyotidagi xizmatlari davlatimiz tomonidan munosib e’tirof etilib, u “Do‘stlik” ordeni, “Mehnat shuhrati” ordeni hamda “O‘zbekiston Respublikasi oliy ta’lim a’lochisi” ko‘krak nishoni bilan taqdirlangan.
Uning sermazmun hayot yo‘li, boy ilmiy merosi va fidokorona mehnati hamkasblari, shogirdlari hamda keng jamoatchilik qalbida abadiy saqlanib qoladi.
Marhumning oila a’zolari va yaqinlariga sabr-toqat tilaymiz.
Ijtimoiy tarmoqlar:
