Toshkent davlat agrar universitetida “Kelajakka qadam” dasturi doirasida “O‘zmilliybank” AJ vakillari va talabalar ishtirokida uchrashuv hamda loyihalar taqdimoti tashkil etildi. Uchrashuvda “O‘zmilliybank” AJ “Kelajakka qadam” markazi direktor o‘rinbosari Xurshid Eshonqulov va o‘z biznes g‘oyalari va startap loyihalari bilan ishtirok etayotgan talabalar qatnashdi.
Uchrashuv davomida talabalar tomonidan ishlab chiqilgan biznes va startap loyihalar taqdimoti o‘tkazilib, ularni moliyalashtirish, amaliyotga tatbiq etish hamda tadbirkorlik faoliyatini yo‘lga qo‘yish masalalari muhokama qilindi. Shuningdek, “Kelajakka qadam” dasturi doirasida yosh tadbirkorlarni qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan imkoniyatlar va moliyaviy xizmatlar haqida batafsil ma’lumotlar berildi.
Ta'kidlanishicha, bugungi kunga qadar Toshkent davlat agrar universitetida “O‘zmilliybank” AJ bilan hamkorlikda faoliyat yuritayotgan “Kelajakka qadam” markazi orqali 148 ta loyiha ishlab chiqilib, ularning umumiy qiymati 7 milliard 923 million so‘mni tashkil etdi. Shundan 2 milliard 390 million so‘m kredit mablag‘lari hisobidan 93 nafar talaba o‘z biznesini yo‘lga qo‘yib, qariyb 100 ta yangi ish o‘rni yaratishga erishdi.
Uchrashuv yoshlarning biznes g‘oyalarini qo‘llab-quvvatlash, ularni tadbirkorlik faoliyatiga keng jalb etish va iqtisodiy faolligini oshirishga xizmat qildi.
Ijtimoiy tarmoqlar:








