Oblomuradov Narzullo Naimovich
1996 yilda Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universitetini hamda 2000 yilda Birmingem universiteti (Buyuk Britaniya) magistraturasini tamomlagan. Mutaxassisligi iqtisodchi. Iqtisod fanlari doktori, professor. Oilali, uch nafar farzandi bor.
Mehnat faoliyati davomida oliy ta’lim tizimida, bank-moliya sohasida hamda davlat boshqaruv organlari tizimida mas’uliyatli lavozimlarda xizmat ko‘rsatgan.
Yangi O‘zbekistondagi islohotlar jarayonida, jumladan, hududlarni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish, ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish, qishloq xo‘jaligini rivojlantirish va oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlash, yuqori malakali kadrlarni tayyorlash va ilm-fan taraqqiyoti bilan bog‘liq ustuvor vazifalar va davlat dasturlari ijrosini ta’minlashda faol ishtirok etib kelmoqda.
Oblomuradov Narzullo Naimovich 2017–2020 yillarda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasida mas’ul lavozimlarda faoliyat ko‘rsatgan.
2020/2021-yillarda O‘zbekiston Respublikasi Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish davlat qo‘mitasi raisining birinchi o‘rinbosari, 2021/2022-yillarda Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish davlat qo‘mitasi raisi lavozimlarida faoliyat ko‘rsatgan. 2021/2022-yillarda O‘zbekiston Ekologik partiyasi raisi lavozimida faoliyat olib borgan.
2023-yilda O‘zbekiston Respublikasi Tabiiy resurslar vazirining o‘rinbosari, 2023/2024-yillarda Toshkent moliya institutining ilmiy ishlar va innovatsiyalar bo‘yicha prorektori, 2024-yilda Toshkent davlat agrar universitetining o‘quv ishlari bo‘yicha prorektori lavozimlarida faoliyat ko‘rsatgan.
O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining tegishli farmoyishiga muvofiq, N.N. Oblomuradov 2024-yil noyabridan Toshkent davlat agrar universitetining rektori lavozimiga tayinlangan.
N.N. Oblomuradov O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2019 yil 29 avgustdagi Farmoni bilan “Sodiq xizmatlari uchun” medali, shuningdek, “O‘zbekiston Konstitutsiyasiga 25 yil”, “O‘zbekiston Respublikasi Mustaqilligining 30 yilligi” hamda “O‘zbekiston Konstitutsiyasiga 30 yil” esdalik nishonlari bilan taqdirlangan.
