9-may – Xotira va qadrlash kuni barchamizni bugungi tinch va osoyishta hayotimizni qadrlashga, Vatanimiz ravnaqi yo‘lida yanada shijoat bilan mehnat qilishga da’vat etuvchi shukuhli sanadir. Bu kun — el-yurti uchun jonini fido qilgan aziz insonlar jasoratidan kuch va ibrat olish ayyomidir.
Bu yil ham Prezidentimizning mazkur sanani keng nishonlash maqsadida qabul qilgan qarorlariga muvofiq, Toshkent viloyatida ham “Burch, jasorat, matonat!” shiori ostida yuksak insonparvar g‘oyalarni o‘zida mujassam etgan, keng ko‘lamli ma’naviy-ma’rifiy tadbir va marosimlar bo‘lib o‘tdi.
Xotira va qadrlash kuni munosabati bilan Toshkent viloyati hokimi Zoyir Mirzayev boshchiligidagi viloyat jamoatchiligi bilan birgalikda Toshkent davlat agrar universiteti jamoasi Nurafshon shahrida "Matonat madhiyasi" yodgorlik majmuasiga alvon gulchambarlar qo‘yib, azizlar xotirasiga avlodlar ehtiromini ifoda etdilar.
Ajdodlar yodi hamisha barhayot, qahramonlar jasorati esa kelajak avlodlar uchun mangu ibrat bo‘lib qoladi. Vatanimiz tinchligi va osoyishtaligi abadiy bo‘lsin!



