logouzqora
  • uzbekistan
  • uzbekistan

O‘zbekiston sharoitida anjir yetishtirish:Anjir tuplari sovuqqa chidamsiz boʻlganidan Oʻzbekiston sharoitida qishda koʻmilib, bahorda ochiladi

view 80

Anjir namga ancha talabchan, yengil va serunum tuproqda yaxshi oʻsadi. Shoʻrlangan yoki shagʻalli tuproqlarda deyarli oʻsmaydi. Anjir ekilganda 5x4 sxemada ekiladi. Anjir tupiga 3 – 4 ta asosiy tanali buta koʻrinishida shakl beriladi. Yozda bir-ikki marta shu yili chiqqan qalinlashtiruvchi novdalar, gʻovlagan novdalar, qurigan shoxlar kesib tashlanadi. Anjirzor bogʻlar vegetatsiya davrida 9–10-marta sugʻoriladi. Oʻzbekistonda kadeta, sariq anjir, qora anjir, chapla va boshqa navlari koʻp ekiladi. Anjirni bir tupidan 20-40 kg gacha hosil olish mumkin. Anjir mevasi avgustning oxirida pishib yetiladi.
Yangi pishgan mevasi iste’mol qilinsa ichni yumshatadi, badandagi ichki shishlar va quyuqlashgan moddalarni bartaraf etadi, me’da va ichaklarni zararli moddalardan tozalaydi. Tutqanoq va falaj kasalliklariga davo bo‘ladi, me’dada tez hazm bo‘ladi, terlatadi, tana harorati va tashnalikni bartaraf etadi. Anjir asosan oziq-ovqat sifatida iste’mol qilinsada, qadim zamonlardan buyon xalq tabobatida jigar, taloq va o‘pka shamollashida dori sifatida qo‘llanilgan. Uning mevasi va qoqisidan tayyorlangan damlama yo‘talga, balg‘am ko‘chirishga, sharbatiga asal aralashtirilgani ko‘z xastaliklarida shifobaxsh hisoblanadi. Anjirning barcha navlarini quritish mumkin, lekin och rangli navlaridan qoqi yaxshiroq chiqadi. Anjirni quritish uchun asosan ochiq dalada quyosh nurlaridan foydalaniladi. Yuqori haroratli quyoshli kunlar avgust va sentyabr oylari O‘zbekistonning hamma joyida bo‘ladi, demak shu davrda quyosh nurida anjir mevalarini quritish mumkin. Ular katta etdor, yupqa po‘stloqli va tupda yaxshi qurigan bo‘lsa, mevasi saralanib, meva bandi olinib, maxsus tayyorlangan yupqa patnislarga meva qo‘yilib bir tekis teriladi. Ular maxsus tayyorlangan xonalarda oltingugurt tutuniga dudlanib, 1 m3 joyga 150 g hisobida 4 soat eshiklari qattiq yopilgan holda ushlab turiladi, bir tonna anjir mevasini dudlash uchun 1,5-2,0 kg oltingugurt kukuni kerak bo‘ladi. Anjir mevalarini hozirgi kunda ko‘plab fermer xo‘jaliklariga joriy etilayotgan quyoshli gelio quritgichlarda ham quritish mumkin.
Mevachilik va uzumchilik kafedrasi dotsenti Adilov Hikmatilla Abduxalilovich

Ijtimoiy tarmoqlar:


Shuningdek o'qing

1930-yilda Oʻrta Osiyo universitetining qishloq xoʻjaligi fakulteti negizida Oʻrta Osiyo qishloq xoʻjaligi instituti tashkil etildi. Bu institut 1934—1991-yillarda Toshkent qishloq xoʻjaligi instituti nomi bilan faoliyat koʻrsatdi. 1991-yilning aprel oyida Toshkent davlat agrar universiteti maqomi berildi.