favicon
  • uzbekistan
  • uzbekistan

Davlat akkreditatsiyasi to‘g‘risida sertifikat

Toshkent davlat agrar universitetning shakllanishi Markaziy Osiyodagi ko‘plab boshqa oliy o‘quv yurtlari singari 1918-yilda mahalliy ziyolilar tashabbusi bilan tashkil qilingan Mirzo Ulug‘bek nomidagi Milliy Universitet nomi bilan chambarchas bog‘liq. 20-yillarda uning tarkibidagi 8 ta fakultet ichida – qishloq xo‘jaligi fakulteti faoliyat yuritgan. 1930-yil 26-mayda ushbu fakultet negizida mustaqil holda O‘rta Osiyo qishloq xo‘jaligi instituti tashkil qilingan va bir qancha o‘zgarishlardan so‘ng, 1934-yil oktyabridan Toshkent qishloq xo‘jaligi instituti deb nomlandi. 1991-yil aprel oyida oliy o‘quv yurti Toshkent davlat agrar universiteti maqomini oldi. Bunday maqom o‘sha davrdagi MDH dagi 104 ta qishloq xo‘jaligi oliy o‘quv yurtlaridan faqat 8 tasiga kadrlar tayyorlash, fanni rivojlantirish, ilmiy-pedagogik salohiyat, sifatini yaxshilash, moddiy-texnika bazasini rivojlantirish va mustahkamlashdagi yutuqlari uchun berilgan edi.

    Oliy o‘quv yurtining rivojlanish yo‘li mamlakatimizning tarixi, uning qishloq xo‘jaligi, iqtisodiyoti, madaniyati, oliy ta’limning rivojlanishi bilan chambarchas bog‘liq. Universitet kichik bir fakultetdan qishloq xo‘jaligi bo‘yicha Markaziy Osiyodagi yirik o‘quv va ilmiy markazga aylandi. Bunga davlatimiz tomonidan ko‘rsatilayotgan doimiy g‘amxo‘rlik, oliy o‘quv yurtida yirik olimlar va yuqori malakali pedagoglarning yig‘ilganligi, ularning sermahsul mehnati sabab bo‘ldi. Tarbiyaviy ishlar va o‘quv jarayonini tashkil qilishni takomillashtirish, yangi texnologiyalarni joriy qilish, talabalar bilimini nazorat qilish, o‘qitish sifatini oshirish, o‘qituvchilar malakasini oshirish, ilmiy tadqiqotlarni kengaytirish va samaradorligini oshirish, ularni ishlab chiqarishga joriy qilish ishlari universitet faoliyatidagi asosiy masalalardir. Moddiy-texnik bazani mustahkamlash, talabalarning yaxshi o‘qishi, turmushi va dam olishlari uchun zarur sharoitlarni yaratishga doimiy ravishda katta e’tibor beriladi. O‘quv, metodik va ilmiy adabiyot fondlari doimo yangilanib, elektron axborot resurslari to‘ldirilmoqda, o‘quv jarayoni va ilmiy tadqiqotlarga axborot kommunikatsion texnologiyalari tobora kengroq joriy qilinmoqda.

    1969-yildayoq oliy o‘quv yurtida texnik ta’lim vositalari laboratoriyasi tashkil qilinib, bilimlarni dasturiy nazorat qilishning birinchi sinfi ochilgan. 70-yillar boshida birinchi lingofon kabineti tashkil etilgan. Texnik ta’lim vositalari va hisoblash texnikasi bilan jadal jihozlash 70-yillarning ikkinchi yarmidan boshlandi. Mustaqillik yillarida kafedralar zamonaviy kompyuter texnikasi va axborot-kommunikatsion texnologiya vositalari bilan jihozlandi. 80-yillarda o‘quv binolari, talabalar turar joylari, sport-sog‘lomlashtirish majmualari qurilishi jadallashtirilib, talabalar shaharchasi obodonlashtirish tez sur’atlarda olib borildi. 1979-yilda mustaqil ilmiy bo‘limlar tashkil qilindi: qishloq xo‘jaligi ilmiy tajriba stantsiyasi, 1 ta muammoli va 4 ta sohaga oid ilmiy tekshirish laboratoriyalari. 1932-yilda Oliy o‘quv yurtida aspirantura tashkil qilindi. Ba’zi yillarda aspirantlar tayyorlash 22 mutaxassislik bo‘yicha olib borildi. 1991-yilgacha aspiranturani respublikamizdan 550 dan ortiq hamda chet ellik fuqorolaridan 22 dan ziyod kishi tugatdi.

    1940-yilda nomzodlik va doktorlik dissertatsiyalar himoyasi bo‘yicha Ilmiy Kengash ochildi. 1991-yilga qadar ularda 80 ta doktorlik va 1300 nomzodlik dissertatsiyalari himoya qilindi. Mustaqillikka erishilganidan so‘ng maxsus kengashlarda 260 dan ortiq fan nomzodlari hamda 50 ga yaqin fan doktorlari dissertatsiyalarini himoya qilishdi. 2017-2018 yillar davomida 29 nafar nafar tadqiqotchilar doktorlik (DcS) va nomzodlik (PhD) dissertatsiyalarini himoya qilishdi. Mustaqillik yillarida oliy o‘quv yurtimizning xalqaro munosabatlarni kengaytirish va chuqurlashtirishga katta e’tibor qaratilmoqda. Xorijiy oliy ta’lim muassasalari bilan tuzilgan 50 ga yaqin shartnoma va memorandumlar imzolangan. Hamkorlik shartnomalariga asosan universitetning 150 dan ortiq talabasi Germaniyaning Bavariya fermerlar uyushmasiga, 300 nafardan ortiq talaba Rossiya Federatsiyasining Janubiy Ural davlat agrar universiteti ishlab chiqarish amaliyotlarini o‘tash uchun borib kelishdi. 200 dan ortiq professor-o‘qituvchilar tuzilgan hamkorlik shartnomlariga asosan dunyoning turli davlatlariga xalqaro loyihalar doirasida o‘quv kurslari va seminarlarda ishtirok etib kelishdi.

1930-yilda Oʻrta Osiyo universitetining qishloq xoʻjaligi fakulteti negizida Oʻrta Osiyo qishloq xoʻjaligi instituti tashkil etildi. Bu institut 1934—1991-yillarda Toshkent qishloq xoʻjaligi instituti nomi bilan faoliyat koʻrsatdi. 1991-yilning aprel oyida Toshkent davlat agrar universiteti maqomi berildi.