Tarvuz – eng sevib iste’mol qilinadigan poliz ekinlaridan biri. Ayniqsa, yozning issiq kunlarida yengil va mazali tamaddi uchun tarvuzdan bo‘lak foydali mahsulot topish mushkul. Tarvuz tarkibida organizm uchun foydali bo‘lgan mineral va vitaminlar ko‘p. Ushbu rezavor 92 foiz suvdan iborat bo‘lib, nafaqat chanqoqni qondiradi, balki salomatlik uchun ham juda foydali. Biroq tarvuz iste’mol qilishda ehtiyotkorlikni unutmaslik lozim. Tarvuzlar yetarli darajada pishmagan yoki yetishtirilishida kimyoviy o‘g‘itlardan ko‘p foydalanilgan bo‘lsa, bu salomatlikka jiddiy xavf tug‘diradi. Tarkibida nitrat moddasi ko‘p bo‘lgan tarvuz iste’mol qilinganda, uning noxush belgilari 4−6 soat ichida paydo bo‘ladi. Bunday holatda ko‘ngil aynishi, qusish, ich ketishi, qorin va bosh og‘rig‘i, tana haroratining 38−39 darajagacha ko‘tarilishi, qon bosimining pasayishi, yurak urishining sekinlashishi, qo‘l-oyoqlarning sovqotishi, teri rangining o‘zgarishi (ko‘karish) kabi alomatlar kuzatilishi mumkin. Tarvuzni qanday tanlash kerak?
Xususan, tarvuz xarid qilayotganda eng avvalo sotuvchidan mahsulot manbai, uning sifati va xavfsizligini tasdiqlovchi tegishli ruxsatnomani talab qilish lozim. Shu bilan birga, mahsulotlarning buzilmaganiga ishonch hosil qilish zarur. Supermarketga yoki bozorga kelganingizda, birinchi navbatda tarvuzning tashqi ko‘rinishiga e’tibor qaratish kerak. Tashqi qobig‘i zararsiz bo‘lishi shart. Agar unda teshiklar yoki zarba izlari bo‘lsa, bu joydan tarvuz chiriy boshlaydi va uning sifati buziladi.
Tabiiy pishgan tarvuz chertib ko‘rilganda jarangdor ovoz chiqadi va uning po‘stini osongina tirnash mumkin. Agar mahsulotning bandi qurigan bo‘lsa, bu uning yaxshi pishganidan dalolat.
Tarvuz tanlashda asosiy belgilar:
Katta, og‘ir emas
Siqilganda yoriladi
Taqillatib ko‘rilganda jarangdor ovoz chiqaradi
Kesiklar va yoriqlarsiz
Bandi qurigan
Yonboshida o‘rtacha kattalikdagi sariq dog‘ bor
Po‘sti jilosiz, yorqin-sarg‘ish rangda
Aniq chiziqli naqshlarga ega
Tarvuz po‘stlog‘i atmosferadan turli zararli moddalarning kirib kelishiga yo‘l qo‘ymaydi. Biroq nitratlar yordamida yetishtirilgan tarvuzlar inson salomatligiga zarar keltiradi. Nitratlar xavflidir, chunki ular organizmda nitritlarga aylanadi. Bu esa gemoglobinning kislorod tashishiga to‘sqinlik qiladi va yurak-qon tomir tizimi hamda immunitet faoliyatiga salbiy ta’sir ko‘rsatadi: organizm hujayralari va to‘qimalarining normal nafas olishi buziladi.
Nitratsiz tarvuzni qanday tanlash mumkin? Nitratsiz tarvuzni tanlash uchun uni mavsum vaqtida xarid qilish kerak. Tarvuz holatining yana bir muhim belgisi – qizil qismidagi tomirlar rangidir. Agar ular sariq yoki binafsha tusda bo‘lsa, bunday mahsulotdan ehtiyot bo‘lish lozim. Chunki u to‘liq pishmagan yoki nitratlar ta’sirida o‘sgan bo‘lishi mumkin. Tarvuz ustidagi chiziqlar aniq va bir-biri bilan aralashmagan bo‘lishi kerak. Xiralashgan chiziqlar nitrat bilan to‘yinganidan dalolat. Sotib olingan tarvuzning “sog‘ligini” tekshirish uchun kichik bo‘lagini suvga soling. Agar 1,5 soatdan keyin suv biroz loyqalanib qolsa – xavf yo‘q. Lekin suv yorqin pushti, qizil yoki to‘q sariq rangga kirsa – bunday tarvuzni iste’mol qilish mumkin emas.
Tarvuzni kesib, oq urug‘lar soniga e’tibor bering. Agar ular haddan tashqari ko‘p bo‘lsa, tarvuz nitratlar bilan o‘g‘itlangan bo‘lishi mumkin. Tarvuz etidagi oq va sariq tomirlarning ko‘pligi ham azotli o‘g‘itlar bilan to‘yinganlikdan dalolat beradi.
Eslatma: Tarvuzdagi nitratlarning mavjudligini ishonchli tarzda faqat laboratoriya sharoitida aniqlash mumkin!
Agrokimyo va Tuproqshunoslik kafedrasi dotsenti
G. S. Mirxaydarova
TARVUZNI QANDAY TANLASH KERAK?
6 Iyul 2025
