Toshkent davlat agrar universitetining xalqaro aloqalarini kengaytirish, agrar ta’lim va ilm-fan sohasidagi ilg‘or tajribalarni o‘rganish hamda qo‘shma ilmiy loyihalarni rivojlantirish maqsadida universitet rektori Narzullo Oblomuradov boshchiligidagi delegatsiya Kostroma davlat qishloq xo‘jaligi akademiyasiga rasmiy tashrif buyurdi.
Tashrif doirasida TDAU delegatsiyasi akademiya rektori, texnika fanlari doktori, professor Mixail Stanislavovich Volxonov bilan muzokaralar o‘tkazdi hamda “Zamonaviy sharoitlarda oliy ta’lim muassasalarining ta’lim faoliyati” mavzusidagi xalqaro ilmiy-metodik konferensiyasida faol ishtirok etdi. Anjumanda agrar ta’limni rivojlantirish, tadqiqotlarni amaliyot bilan integratsiya qilish va xalqaro reytinglarda OTMlar nufuzini oshirish masalalari muhokama qilindi.
Muzokaralar yakunida agrar sohada uzoq muddatli hamkorlikni rivojlantirishga qaratilgan bir qator muhim yo‘nalishlar bo‘yicha kelishuvlarga erishildi. Jumladan, pofessor-o‘qituvchilar va talabalar almashinuv dasturlarini kengaytirish, seleksiya, naslchilik va veterinariya yo‘nalishlarida qo‘shma ilmiy tadqiqotlar o‘tkazish hamda chorvachilikda DNK texnologiyalarini qo‘llash, sut va sut mahsulotlarini qayta ishlash texnologiyalari bo‘yicha hamkorlikni rivojlantirish, rezavor mevalar yetishtirish, ularning seleksiyasi va agrotexnologiyalarini takomillashtirish bo’yicha hamkorlik o’rnatildi.
Shuningdek, Chuvash davlat universiteti, Kostroma davlat qishloq xo‘jaligi akademiyasi hamda Toshkent davlat agrar universiteti o‘rtasida uch tomonlama ilmiy-tadqiqot va texnologik hamkorlik memorandumi imzolandi.
O‘zbekistonning mahalliy qoramol zotlarini Rossiya seleksiyasi genofondi hamda zamonaviy DNK texnologiyalari asosida takomillashtirishga qaratilgan maxsus loyihani amalga oshirishga kelishib olindi.
Bundan tashqari, bugungi kunda ushbu nufuzli dargohda 50 nafardan ortiq o‘zbekistonlik yoshlar agronomiya, veterinariya, muhandislik va qurilish texnologiyalari yo‘nalishlarida bilim olmoqdalar. Ular kelgusida olingan ilg‘or bilimlarni Vatanimiz agrar tarmog‘i ravnaqi uchun yo‘naltirishlarini g‘urur bilan ta’kidladilar.
Ijtimoiy tarmoqlar:





