Toshkent davlat agrar universiteti O‘rmonchilik va landshaft dizayn kafedrasi professori, biologiya fanlari doktori T.X. Maxkamov xalqaro miqyosdagi navbatdagi yirik yutuqni qo‘lga kiritdi. Olim "Talented Young Scientist Program" (TYSP) doirasida Xitoy Xalq Respublikasining nufuzli "Shaanxi Agriculture and Forestry Technology University" oliygohida uch oylik malaka oshirish, hamkorlikda ilmiy tadqiqotlar olib borish hamda ta’lim dasturlarini rivojlantirish bo‘yicha nufuzli grant sohibiga aylandi.
Mazkur dastur doirasida T.X. Maxkamov joriy yilning 1-aprel kunidan mazkur universitetning Bioengineering kollejida o‘z faoliyatini boshladi. 2026-yil 2-aprel kuni universitet prezidenti boshchiligida professor T.X. Maxkamovni rasmiy kutib olish hamda unga “Guest Professor” (Tashrif buyuruvchi professor) maqomini berishga bag‘ishlangan tantanali marosim bo‘lib o‘tdi. Tadbir davomida olimga universitetning rasmiy guvohnomasi topshirilib, kelgusida ilmiy hamkorlikni yanada rivojlantirish, qo‘shma tadqiqotlar o‘tkazish va ta’lim jarayoniga innovatsion yondashuvlarni joriy etish masalalari atroflicha muhokama qilindi.
E’tiborlisi, T.X. Maxkamov mazkur nufuzli universitetda 4 yil muddatga tashrif buyuruvchi professor sifatida faoliyat yuritishi belgilandi. Bu kabi yutuqlar xalqaro ilmiy aloqalarni mustahkamlash, o‘zaro tajriba almashish va yuqori malakali kadrlar tayyorlashda muhim poydevor bo‘lib xizmat qiladi. Professor T.X. Maxkamovga mamlakatimiz ilm-fani nufuzini xalqaro maydonda munosib namoyon etishdagi mas’uliyatli faoliyatida ulkan muvaffaqiyatlar va yangi ilmiy kashfiyotlar tilaymiz.
Ijtimoiy tarmoqlar:



