Biron ish amalga oshirilib, yakuniga yetkazilgandan so‘ng, albatta ortga nazar tashlash zarur. Yakunlangan ishlarning natijasi tahlil qilinsagina, kelgusida amalga oshiriladigan vazifalarda yanada yuqori samaradorlikka erishish mumkin. Bugun Toshkent davlat agrar universitetida bo‘lib o‘tgan Kengash yig‘ilishida aynan shu tamoyil asosida 2024–2025-o‘quv yili davomida bajarilgan ishlar, yo‘l qo‘yilgan kamchiliklar tahlil etildi. Universitet rahbariyati hamda professor-o‘qituvchilar ishtirok etgan yig‘ilish avvalida o‘quv yili davomida yuqori natijalarga erishgan talabalar, xalqaro va mahalliy musobaqa g‘oliblari hamda ishtirokchilari, shuningdek, qishloq xo‘jaligi yo‘nalishida ilmiy tadqiqotlar olib borib, salmoqli yutuqlarga erishgan va yangi ilmiy unvonlarga ega bo‘lganlar taqdirlandi. Mana shunday ko‘tarinki ruhda boshlangan tadbir universitetimizda yil davomida amalga oshirilgan ishlarning tahlili bilan davom etdi. 2024–2025-o‘quv yili davomida universitetda barcha sohalarda sezilarli o‘sish kuzatildi — xoh u xalqaro hamkorlik, xoh ilmiy faoliyat bo‘lsin. Yil davomida amalga oshirilgan ishlar yuzasidan mas’ullarning hisobotlari tinglandi.
Shuningdek, kelgusi o‘quv mavsumida bajarilishi lozim bo‘lgan vazifalar belgilandi, ularning samarali ijrosini ta’minlash bo‘yicha takliflar muhokama qilinib, tegishli topshiriqlar yuklatildi.
Yig‘ilish davomida universitet rektori Narzullo Oblomuradov 30-iyun kuni Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev yoshlar bilan bo‘lib o‘tgan ochiq muloqoti davomida ilgari surilgan takliflarga to‘xtalib, ularning ijrosini ta’minlash bo‘yicha dolzarb vazifalar yuzasidan ma’ruza qildi.