Toshkent davlat agrar universitetida Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan ilgari surilgan yoshlarni madaniyat, sanʼat va sportga keng jalb etish to'g'risidagi "5 muhim tashabbus” doirasida hamda agrar soha va tasviriy san’at uyg‘unligini mustahkamlash maqsadida 2026-yil 27-apreldan 7-mayga qadar O'zbekiston Respublikasi mustaqilligining 35 yilligiga bag'ishlangan “Go‘zal Vatan” shiori ostida III xalqaro Agro-tasviriy san’at festivali bo'lib o'tdi. Xalqaro festival O‘zbekiston Respublikasi Qishloq xo‘jaligi vazirligi, O'zbekiston badiiy akademiyasi, Oʻzbekiston Yozuvchilar uyushmasi, Respublika Ma'naviyat va ma'rifat markazi, O‘zbekiston Respublikasi Turizm qo'mitasi va Ipoteka bank hamkorligida bo'lib o'tdi. Mazkur festivalda O‘zbekistonning turli hududlaridan hamda xorijiy mamlakatlardan, jumladan, Rossiya Federatsiyasi, Bolgariya, Ozarbayjon, Qozog'iston, Turkiya va Tojikiston Respublikalaridan professional rassom va talaba-yoshlar ishtirok etib, o‘z ijodiy ishlarini namoyish etdilar. Ashurmat Mamasaliyev kuratorligidagi festival Toshkent shahridan boshlanib, Jizzax, Samarqand va Buxoro viloyatlarida davom etdi. Bugun Toshkent davlat agrar universitetida festivalning taqdirlash marosimi o'tkazilib, unda Qishloq xo‘jaligi vazirining maslahatchisi Mizrob Bo‘ronov, Oʻzbekiston Yozuvchilar uyushmasining birinchi o'rinbosari Minhojiddin Mirzo hamda Oziq-ovqat hamda qishloq xo‘jaligi tashkilotining (FAO) O‘zbekistondagi vakili Sherzod Umarov va talabalar, jamaotchilik vakillari ishtirok etdi. Tadbirni universiteti rektori, professor Narzullo Oblomuradov ochib berib, mazkur xalqaro festival nafaqat mahalliy talabalar, balki xorijiy ishtirokchilarning ijodiy ishlarini ham o‘zida mujassam etgani, festival jonajon Vatanimizning betakror go‘zalligi, qishloq xo'jaligi sohasidagi islohotlar va ularning natijalarini tasviriy san’at orqali yoritib berishda muhim ahamiyat kasb etganini ta'kidlab o'tdi.
Shuningdek, tadbir so'ngida faol ishtirok etgan ishtirokchilar va tashkilotchilar taqdirlanib, ularga diplom hamda esdalik sovg‘alari topshirildi. Tadbir doirasida “Bo‘ston” ashula va raqs ansambli jamoasi tomonidan tayyorlangan madaniy-ma'rifiy dastur namoyish etildi.
Ijtimoiy tarmoqlar:



