Toshkent davlat agrar universitetida yoshlar bandligini ta’minlash, bitiruvchilarni munosib ish o‘rinlariga yo‘naltirish, talabalar tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlash hamda ularni tadbirkorlik faoliyatiga jalb etish masalalariga bag‘ishlangan “Rahbar va yoshlar uchrashuvi” bo‘lib o‘tdi. Uchrashuvda Toshkent davlat agrar universiteti rektori, professor Narzullo Oblomuradov, O‘zmilliybank AJ Toshkent viloyati Bosh boshqarmasi vakillari Bunyod Karimqilov va Ag‘zamjon Murodov, shuningdek, bankning “Kelajakka qadam” markazi menejeri Muslimbek Safarov hamda universitet talabalari ishtirok etdi. Muloqot davomida yoshlarni ish bilan ta’minlash, bitiruvchilarning bandligini ta’minlashda oliy ta’lim muassasasi va moliya tashkilotlari hamkorligini kuchaytirish, talabalar tomonidan ilgari surilayotgan istiqbolli loyihalarni qo‘llab-quvvatlash masalalariga alohida e’tibor qaratildi. Shuningdek, talabalarning tadbirkorlik faoliyatini boshlashi, biznes loyihalarini amalga oshirishi, moliyaviy savodxonligini oshirishi va mavjud imkoniyatlardan samarali foydalanishi yuzasidan fikr va takliflar bildirildi. Bank vakillari yoshlarni tadbirkorlikka jalb etish hamda ularning tashabbuslarini ro‘yobga chiqarishda mavjud imkoniyatlar haqida ma’lumot berdi.
Ijtimoiy tarmoqlar:










