Qishloq xo‘jaligi vazirligi tashabbusi bilan Toshkent davlat agrar universitetida Xalqaro karlar haftaligi doirasida “O‘zbekiston Mimika va imo-ishoralar teatri” hamda TDAUning “Bo‘ston” ashula va raqs ansambli hamkorligida hayriya konsert dasturi tashkil etildi. Tadbirda O‘zbekiston Respublikasi Qishloq xo‘jaligi vaziri maslahatchisi Mizrob Buronov, Toshkent davlat agrar universiteti rektori, professor Narzullo Oblomuradov, Kar va kar-ko‘zi ojizlar madaniyat saroyi direktorining o‘rinbosari Oleg Oshchepkov, O‘zbekiston Karlar jamiyati vakillari, universitet professor-o‘qituvchilari hamda talabalar ishtirok etdi. Konsert dasturi davomida “O‘zbekiston Mimika va imo-ishoralar teatri” ijodkorlari hamda “Bo‘ston” ashula va raqs ansambli a’zolari tomonidan turli musiqiy va sahna chiqishlari namoyish etildi. Ijodiy chiqishlar orqali san’atning insonlarni birlashtiruvchi, o‘zaro tushunish va mehr-oqibatni mustahkamlovchi kuchi namoyon bo‘ldi. Tadbirning asosiy maqsadi kar va zaif eshituvchi insonlarning jamiyatdagi faolligini qo‘llab-quvvatlash, ularning madaniy hayotdagi ishtirokini kengaytirish, inklyuziv muhitni rivojlantirish hamda insonlar o‘rtasida o‘zaro hurmat va hamjihatlikni mustahkamlashdan iborat bo‘ldi bo'ldi.
Ijtimoiy tarmoqlar:









