Mazkur dastur doirasida xitoylik talabalar 2025-yil 24-oktyabrdan 2026-yil 20-yanvargacha bo‘lgan uch oy davomida Toshkent davlat agrar universitetida tahsil oldilar. Shu munosabat bilan xayrlashuv tadbiri tashkil etildi. Dastur doirasida o‘qishni muvaffaqiyatli yakunlagan talabalarga sertifikatlar tantanali ravishda topshirildi. Talabalarni erishgan yutuqlari bilan tabriklash va sertifikatlarni topshirish marosimida Toshkent davlat agrar universitetining Xalqaro hamkorlik, transformatsiya va strategik rivojlanish bo‘yicha prorektori A.Abduvasikov hamda Ilmiy ishlar va innovatsiyalar bo‘yicha prorektor K.Sultonov ishtirok etdilar.
Shuningdek, tadbirda Toshkent davlat agrar universiteti Xorijiy tillar kafedrasi ustozlari faol qatnashib, O‘zbekiston madaniyatini targ‘ib etishga bag‘ishlangan taqdimotlar orqali ishtirokchilarga yurtimizning boy tarixiy va madaniy merosi haqida batafsil ma’lumot berdilar. Ularning uch oy davomida ko‘rsatgan samarali yordami va faol ishtiroki e’tirof etilib, kafedra ustozlari ham talabalar qatori tashakkurnomalar bilan taqdirlandilar.



