Toshkent davlat agrar universiteti o'quv amaliy tajriba xo'jaligida ko'plab turdagi meva-sabzavotlar, o'simliklar ustida izlanishlar olib borilmoqda. Xususan, yurtimizda donli ekinlarning yangi turlari va navlarini yetishtirishning istiqbollarini tadqiq etish maqsadida universitetimiz jamoasi bir on bo'lsada izlanishdan to'xtagani yo'q.
Navbatdagi tadqiqotlar davomida 3 turdagi g’alla ekinlari, bug'doy, javdar va tritikalelar ustida tajribalar o'tkazildi. Asosiy maqsad bug’doyni loviya o’simligidan so’ng takroriy hosil sifatida yetishtirish usullari, javdarda kechki azotlantirish azotli oziqlantirishning ta’siri, tratikalida esa o‘sishi, rivojlanishi va hosildorligiga bargdan oziqlantirish meyorlarining ta’sirini aniqlashdan iborat edi va hech ikkilanmay aytish mumkinki izlanishlar muvaffaqiyatli yakunlandi.
Universitetimiz jamoasining bir ajoyib odati bor. Bu har bir muvaffaqiyatli yakunlangan tadqiqotlardan so'ng, bayram saylini tashkil etib, hosilni barcha bilan bo'lishish. Bu gal ham ushbu an'anaga sodiq qolgan holda rektorimiz Narzullo Oblomuradov boshchiligida "G'alla sayli" mavzusida ilmiy-amaliy dala seminari tashkil etildi. Tadbir avvalida qishloq xo‘jaligining maxsus zamonaviy texnikalarida hosillarni o'rish ishlari tashkil etildi.
Shundan so'ng, bayram dasturxoni tuzaldi. Eng muhum jihati shuki, tortiq etilgan barcha un mahsulotlaridan tayyorlangan oziq-ovqat, tandirda yopilgan non va somsalar tajriba xo'jaligida yetishtirilgan bug'doy, javdar va tritikaledan tayyorlangan.
Jarayonlarni kuzatib borgan hamkor-xorijiy tashkilotlar vakillari universitet jamoasining ahlligini hamda o‘quv ilmiy t ajriba xo‘jaligida olib borilayotgan islohotlar, ilmiy izlanishlar natijalarini e'tirof etdi. Darhaqiqat, bundan bir necha yil oldin tajriba xo'jaligida olib borilayotgan tadqiqotlardan izlanuvchilardan boshqa hech kim xabardor bo'lmas edi. Bugun esa mutloq boshqa muhit shakllandi. Barcha olim-professor, tadqiqotchilar tezroq ijobiy natija qayd etib uni nafaqat jamoa bilan, balki yurtdoshlarimiz, xorijlik ekspertlar bilan baham ko'rish ishtiyoqida.
Mana shunday natijalarni qayd etgan insonlarni rag'batlantirish muhim, albatta. Boisi, e'tirof insonni o'z ustida yana ham ko'p ishlashga undaydi. Bugun ham jonbozlik ko'rsatganlar universitet rahbariyati tomonidan taqdirlandi.
Eng muhim jihatlardan yana biri shundaki, endilikda izlanishlar natijalaridan xulosa chiqarilgan holda, fermer-dehqonlarga tavfsiyalar yetkaziladi hamda kichik hududdan ham ko'p miqdorda hosil olishga erishiladi. Bu esa ushbu mahsulotlarni eksportbopligini oshirishga va mamlakatimizda donli ekinlarga bo'lgan talabni to'laqonli qondirib, yurtimiz iqtisodiyotini barqarorligini ta'minlashga zamin yaratadi.
Ijtimoiy tarmoqlar: