Joriy yilning 28-aprel kuni Rossiya Federatsiyasining Kostroma davlat qishloq xo‘jaligi akademiyasida “Yoshlar va fan: qishloq hududlarini rivojlantirish” mavzusidagi 77-Xalqaro talabalar ilmiy konferensiyasi bo‘lib o‘tdi. Ushbu nufuzli anjumanda turli universitetlardan 400 nafardan ortiq talabalar ishtirok etdi.
Quvonarlisi, Toshkent davlat agrar universitetida "Ustoz-shogird" tizimining natijasi o'laroq, iqtisod fanlari doktori, professor Muhammadali Saidov rahbarligidagi iqtidorli talabalari o‘zlarining dolzarb mavzulardagi ilmiy ma’ruzalari bilan muvaffaqiyatli qatnashib, yuqori o‘rinlarni egallashdi:
1-o‘rin va I darajali Diplom: 2 nafar talabalarimiz o‘z yo‘nalishlari bo‘yicha eng yaxshi ilmiy ish muallifi deb topilib, g‘oliblik shohsupasiga ko‘tarilishdi.
Faxrli o‘rinlar: Yana 4 nafar talabalarimiz o‘zlarining faol ishtiroki va yuqori ilmiy saviyadagi ma’ruzalari uchun munosib taqdirlanishdi.
Mazkur xalqaro konferensiya qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini yetishtirish, agrobiznes, texnologik jarayonlarni mexanizatsiyalash va iqtisodiy samaradorlik kabi keng ko‘lamli sohalarni qamrab oldi. Konferensiya yakunida eng yaxshi deb topilgan ilmiy ishlar “Fan va texnologiyalar rivojlanishining dolzarb masalalari” nomli elektron to‘plamda nashr etilishi belgilangan.
Ushbu yutuq universitetimizda talabalarning ilmiy salohiyatini oshirishga qaratilayotgan yuksak e’tiborning samarasidir. Barcha g‘olib va sovrindorlarimizni, shuningdek, ularning ilmiy rahbarlarini ushbu muvaffaqiyat bilan muborakbod etamiz!
Ijtimoiy tarmoqlar:





