Mazkur hamkorlik shartnoma O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2023-yil 7-iyuldagi PQ-216-sonli qarori hamda Vazirlar Mahkamasining 2025-yil 16-yanvardagi 14-sonli qarorida belgilangan vazifalar ijrosini ta’minlashga qaratilgan bo‘lib, agrar sohada ilm-fan, ta’lim va ishlab chiqarish integratsiyasini yanada mustahkamlashga xizmat qiladi. Hamkorlik doirasida Qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini saqlash va qayta ishlash fakulteti professor-o‘qituvchilari, doktorantlar va magistrantlar ilmiy tadqiqotlarini ishlab chiqarish bilan uzviy bog‘lagan holda olib boradi, talabalar uchun samarali va tizimli amaliyot jarayonlari yo‘lga qo‘yiladi hamda 3-bosqich talabalari uchun “dual ta’lim” asosida o‘qish bilan birga korxonada ishlash imkoniyati yaratiladi.
Dual ta’lim tizimi orqali talabalar nazariy bilimlarini amaliy jarayonlar bilan uyg‘unlashtiradi, real ishlab chiqarish muhitida tajriba orttiradi hamda kelajakda raqobatbardosh, yuqori malakali mutaxassis sifatida shakllanadi.
Ushbu hamkorlik Toshkent davlat agrar universitetida ta’lim sifatini oshirish, amaliyotga yo‘naltirilgan o‘qitish modelini kengaytirish va zamonaviy, professional kadrlar tayyorlash borasidagi muhim qadamdir.


