Bugun Toshkent davlat agrar universitetiga Xitoy Xalq Respublikasining Shimoliy-g‘arbiy qishloq va o‘rmon xo‘jaligi universiteti rektori, professor Wu Pute boshchiligidagi delegatsiya tashrif buyurdi. Jarayon davomida mehmonlar TDAU bilan hamkorlikda faoliyat olib borayotgan “Aqlli qishloq xo‘jaligi” qo‘shma laboratoriyasi, Agromuhandislik va agrotexnologiyalar fakulteti, zamonaviy universitet kampusi, yangidan barpo etilgan O‘rmon xo‘jaligi va landshaft dizayni fakulteti binosi, qurilish ishlari boshlangan yangi inshootlar, san’at va ijod maskani bo‘lgan “Art galereya”, shuningdek, o‘quv-ilmiy tajriba xo‘jaligida yaratilgan innovatsion sharoitlar bilan yaqindan tanishdilar. Undan so’ng tomonlar o’rtasida rasmiy uchrashuv tashkil etildi. Uchrashuv davomida tomonlar qishloq xo’jaligi sohasida raqamlashtirish, innovatsiyalarni joriy etish, qo‘shma ilmiy izlanishlar olib borish va professor-o‘qituvchilar hamda talabalarning akademik almashinuvini kengaytirish bo‘yicha kelgusidagi hamkorlik yo‘nalishlarini muhokama qilishdi.
Mazkur jarayon ikki oliy ta’lim muassasasi o‘rtasidagi strategik sheriklikni mustahkamlash, zamonaviy qishloq xo‘jaligi modelini shakllantirish va xalqaro ta’lim-innovatsiya maydonida qo‘shma tashabbuslarni rivojlantirish yo‘lida muhim ahamiyat kasb etadi.



