Qashqadaryo viloyatining Nishon tumanida 2025-yilgi paxta va g‘alla yig‘im-terimi mavsumida foydalanilgan qishloq xo‘jaligi texnikalarini “Saqlov qoidalari” asosida saqlovga olishga bag‘ishlangan mintaqaviy ilmiy-amaliy seminar bo‘lib o‘tdi.
Tadbirda Qashqadaryo, Surxondaryo, Buxoro va Navoiy viloyatlaridan qishloq va suv xo‘jaligi sohasiga mas’ul rahbarlar, O‘zagroinspeksiya hududiy bo‘limlari rahbarlari hamda sohaga oid mutaxassislar ishtirok etdilar. Seminarda Toshkent davlat agrar universiteti professor-o‘qituvchilari faol ishtirok etib, ilmiy-amaliy tavsiyalar hamda ilg‘or xorijiy tajribalar bilan o‘rtoqlashdilar. Jumladan, dotsent X. Irisov tomonidan turli rusumdagi paxta terish mashinalari va g‘alla kombaynlarini saqlovga tayyorlash jarayonining muhim bosqichlari bo‘yicha ko‘rgazmali master-klass o‘tkazildi. Unda texnikalarning ishchi qismlarini tozalash, texnik xizmat ko‘rsatish, mexanik qismlar, elektr tizimlari va akkumulyatorlarning himoyasini ta’minlash bo‘yicha ilmiy asoslangan yondashuvlar namoyish etildi.
Seminar yakunida universitet vakillari tomonidan ishlab chiqilgan maxsus metodik qo‘llanmalar ishtirokchilarga taqdim etildi. Mazkur materiallar mexanizatorlar va fermerlar uchun amaliy qo‘llanma hamda ishonchli nazariy manba sifatida xizmat qilishi kutilmoqda.
Ijtimoiy tarmoqlar:


