Toshkent davlat agrar universiteti tomonidan joriy etilgan “Yangi agronom” tizimi doirasida nazariy bilimlar bevosita dala maydonlarida amaliyot bilan mustahkamlanmoqda. Universitet ishchi guruhi va talabalari Toshkent viloyatining Yuqorichirchiq tumanidagi “Innovatsiya va texnologiyalarni joriy etish” MCHJ hamda “Xiloliddin” fermer xo‘jaliklarida bo‘lib, chigit ekishning zamonaviy usullarini o‘rganishdi. Xususan, talabalar “Shinjon” usulida, 76×10 sxemada chigitni plyonka ostiga qo‘shqatorlab ekuvchi seyalkalar yordamida ekish jarayonlarida bevosita ishtirok etdilar. Ushbu texnologiya tuproq namligini saqlash, haroratni barqaror ushlash va begona o‘tlarni kamaytirish orqali yuqori hosildorlikka zamin yaratadi. Jarayon to‘liq tomchilatib sug‘orish tizimi bilan integratsiya qilingan bo‘lib, resurslardan oqilona foydalanish imkonini beradi.
Jarayon davomida universitet olimlari va mutaxassislari tomonidan fermer xo‘jaliklari a’zolariga ekin parvarishi hamda agrotexnik tadbirlarni to‘g‘ri tashkil etish bo‘yicha ilmiy-amaliy tavsiyalar berildi.
Ijtimoiy tarmoqlar:














