logouzqora
  • uzbekistan
  • uzbekistan

Yangi O‘zbekiston agrar ta’lim tizimida yangi imkoniyatlar:Universitetda ilmiy salohiyatni oshirish yo‘lida fakultetlar o‘rtasida ilmiy tajriba almashinuvi yo’lga qo’yildi

view 241

Toshkent davlat agrar universitetida fakultetlar o‘rtasida ilmiy-amaliy tajriba almashinuvi doirasida samarali uchrashuv amalga oshirildi. Universitet rektori N. Oblomuradov boshchiligida Agroiqtisodiyot, logistika va xizmatlari fakulteti professor-o‘qituvchilari O‘simliklar himoyasi, agrokimyo va tuproqshunoslik, Qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini saqlash va qayta ishlash hamda O‘rmon xo‘jaligi va landshaft dizayn fakultetlarida bo‘ldilar. Mazkur jarayondan ko‘zlangan asosiy maqsad — fakultetlar tasarrufidagi ilmiy laboratoriyalar faoliyatini yaqindan o‘rganish, mavjud ilmiy va amaliy tajribalarni o‘zaro almashish, shuningdek, universitetning umumiy ilmiy salohiyatini yanada mustahkamlashdan iborat bo‘ldi.
Xususan, O‘simliklar himoyasi, agrokimyo va tuproqshunoslik fakultetida zamonaviy talablarga mos tarzda tashkil etilgan, turli tuproq namunalari bilan boyitilgan ko‘rgazmali burchak tashrif ishtirokchilarida katta qiziqish uyg‘otdi. Ushbu ko‘rgazmada cho‘l, tog‘ oldi va tog‘ mintaqalariga xos bo‘lgan jami 22 xil tipdagi tuproq namunalari namoyish etilib, ularning xilma-xilligi, xususiyatlari hamda ilmiy-amaliy ahamiyati atroflicha yoritib berildi. Shuningdek, Janubiy Koreya Respublikasining Chungnam milliy universiteti bilan hamkorlikda “O‘zbekistonda qishloq xo‘jaligi muhitini yaxshilash va professional kadrlar tayyorlash” loyihasi doirasida tashkil etilgan zamonaviy ilmiy laboratoriya faoliyati bilan tanishildi. Bundan tashqari, O‘rmon xo‘jaligi va landshaft dizayn fakultetida faoliyat yuritayotgan “Manzarali ko‘chat yetishtirish” laboratoriyasida olib borilayotgan ilmiy-amaliy ishlar, ko‘chat yetishtirishning zamonaviy texnologiyalari hamda landshaft dizayniga oid ilg‘or tajribalar yuzasidan atroflicha ma’lumotlar berildi va o‘zaro fikr almashildi. Shuningdek, Qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini saqlash va qayta ishlash fakultetida faoliyat yuritayotgan quritish laboratoriyasi faoliyati bilan ham yaqindan tanishildi. Mazkur laboratoriyada qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini quritishning zamonaviy usullari, energiya tejamkor texnologiyalar asosida mahsulot sifatini saqlab qolish, saqlash muddatini uzaytirish hamda qayta ishlash jarayonlarini takomillashtirishga qaratilgan ilmiy-amaliy tadqiqotlar olib borilayotgani qayd etildi.

Laboratoriyada meva-sabzavot va boshqa qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini quritish bo‘yicha tajribalar o‘tkazilib, talabalar va yosh tadqiqotchilar uchun amaliy mashg‘ulotlar tashkil etilishi alohida ahamiyat kasb etishi ta’kidlandi. Ushbu jarayonda professor-o‘qituvchilar tomonidan amalga oshirilayotgan ilmiy ishlanmalar va ularning ishlab chiqarish bilan integratsiyasi yuzasidan ham fikr almashildi. Mazkur tajriba almashinuvi universitetda ilmiy hamkorlikni yanada rivojlantirish, ta’lim va ilm-fan integratsiyasini mustahkamlash hamda innovatsion yondashuvlarni amaliyotga tatbiq etishda muhim ahamiyat kasb etdi.

Ijtimoiy tarmoqlar:


Shuningdek o'qing

1930-yilda Oʻrta Osiyo universitetining qishloq xoʻjaligi fakulteti negizida Oʻrta Osiyo qishloq xoʻjaligi instituti tashkil etildi. Bu institut 1934—1991-yillarda Toshkent qishloq xoʻjaligi instituti nomi bilan faoliyat koʻrsatdi. 1991-yilning aprel oyida Toshkent davlat agrar universiteti maqomi berildi.