Toshkent davlat agrar universitetida Qishloq xo‘jaligi vazirligi bilan hamkorlikda sun’iy intellekt va raqamli texnologiyalar yo‘nalishidagi startap loyihalar taqdimotiga bag‘ishlangan seminar-trening o‘tkazildi. Mazkur tadbir O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2026-yil 11-fevraldagi PQ-59-sonli “Startaplarni qo‘llab-quvvatlashning kompleks ekotizimini joriy etish chora-tadbirlari to‘g‘risida” hamda 2026-yil 11-apreldagi PQ-135-sonli “Toshkent davlat agrar universiteti faoliyatini takomillashtirishga oid qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarorlarida belgilangan vazifalar ijrosini ta’minlash maqsadida tashkil etildi. Seminar davomida universitetning iqtidorli talaba-yoshlari tomonidan sun’iy intellekt, raqamli texnologiyalar va agrar sohani raqamlashtirishga qaratilgan innovatsion startap loyihalar taqdim etildi. Yoshlarning zamonaviy g‘oyalari, amaliy ishlanmalari hamda istiqbolli tashabbuslari keng muhokama qilindi.
Tadbirda Agrar sohada axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini joriy qilish va raqamlashtirish departamenti boshlig‘i Ikramov Izzatilla Sunnatillaevich hamda universitet Yoshlar masalalari va ma’naviy-ma’rifiy ishlar bo‘yicha birinchi prorektori J. Lapasov ishtirok etdi. Shuningdek, Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev tomonidan ilgari surilgan har haftaning payshanba kunini “Yoshlar kuni” deb e’lon qilish tashabbusi bugungi kunda amalda o‘z ifodasini topayotgani alohida ta’kidlandi. Ushbu seminar ham aynan Yoshlar kuni ruhida tashkil etilib, yoshlarning innovatsion salohiyatini qo‘llab-quvvatlashga xizmat qildi.
Ijtimoiy tarmoqlar:


