Karam butkuldoshlar oilasiga mansub bo‘lib, asosan ikki yillik o‘simlik hisoblanadi. Birinchi yili kuchli ildiz tizimi, poya va yirik barglardan iborat vegetativ organlari rivojlanib, karam boshi hosil qiladi. Ikkinchi yili esa o‘zakdan gulpoya chiqib, gullaydi va urug‘ hosil qiladi. Barglari yirik, silliq yoki burishgan bo‘lib, rangi och-yashildan to‘q-yashil, ba’zan qizg‘ish yoki binafsha tusda bo‘ladi. Karam boshi zich yoki bo‘sh, yumaloq yoki yassi shaklda shakllanadi. Karam sovuqqa chidamli o‘simlik bo‘lib, urug‘i 2–5 °C da una boshlaydi. Ko‘chatlari -5 °C gacha, voyaga yetgan o‘simliklari esa qisqa muddatli -8 °C sovuqqa chiday oladi. O‘sishi va bosh hosil qilishi uchun eng qulay harorat 11–18 °C hisoblanadi. Harorat 25 °C dan oshganda o‘sishi va bosh bog‘lashi sekinlashadi. Karam namsevar va yorug‘sevar o‘simlik bo‘lib, sernam sharoitda tez rivojlanadi. Karamning oziqaviy ahamiyati juda yuqori. Tarkibida C, B guruhi, PP, K va E vitaminlari, karotin, folat va pantoten kislotalar mavjud. Shuningdek, kaliy, kalsiy, temir, yod kabi minerallarga boy. Karam kletchatkaga boy bo‘lib, ovqat hazm qilishni yaxshilaydi, ichak faoliyatini tartibga soladi. U organizmdan xolesterinni chiqarishga yordam beradi, immunitetni mustahkamlaydi va xalq tabobatida yallig‘lanishga qarshi hamda sog‘lomlashtiruvchi vosita sifatida qo‘llanadi.
Ijtimoiy tarmoqlar:
