logouzqora
  • uzbekistan
  • uzbekistan

Toshkent davlat agrar universitetida buyuk mutafakkir, so‘z mulkining sultoni Alisher Navoiy tavalludining 585 yilligi hamda ulug‘ sarkarda, shoh va shoir Zahiriddin Muhammad Bobur tavalludining 543 yilligiga bag‘ishlangan “Nazm gulshani” nomli ma’naviy-ma’rifiy tadbir yuqori saviyada bo‘lib o‘tdi.

view 29

Mumtoz adabiyotimiz tarixida betakror o‘ringa ega bo‘lgan Nizomiddin Mir Alisher Navoiy hamda Zahiriddin Muhammad Bobur ijodi jahon adabiyotining ajralmas qismiga aylanib ulgurgan.
Hazrat Navoiy tavalludining 585 yilligi hamda Zahiriddin Muhammad Bobur tavalludining 543 yilligi munosabati bilan universitetda keng qamrovli ma’naviy-ma’rifiy tadbirlar, kechalar o‘tkazilib kelinmoqda. Xususan, bugun o‘tkazilgan “Nazm gulshani” mavzusidagi adabiy-ma’rifiy kecha mazmunan salmoqli bo‘ldi. Unda Alisher Navoiy va Bobur hayoti yo‘li va ijodining yosh avlod kamolotidagi ahamiyati kabi masalalar muhokama qilindi.
Tadbir avvalida mehmonlar “Renessans” ma’ruzalar majmuasi hamda iqtidorli talabalar ijodiy ishlari namoyish etilgan “Art Galereya” ko‘rgazmasi bilan tanishdilar. Tadbirni universitet rektori N.Oblomuradov kirish so‘zi bilan ochar ekan, Alisher Navoiy va Zahiriddin Muhammad Bobur ijodining milliy adabiyotimiz va ma’naviyatimizdagi beqiyos o‘rni haqida alohida ta’kidladi.
Tadbirda ishtirok etgan O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi raisining ijodiy ishlar bo‘yicha birinchi o‘rinbosari, O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan madaniyat xodimi M. Mirzo,O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi a’zosi M. Zoxidova O‘zbek milliy akademik drama teatri aktyori, O‘zbekiston va Qoraqalpog‘iston Respublikalari xalq artisti M. Abduqunduzov hamda adabiyotshunos olim, filologiya fanlari doktori, professor N. Jabbarov tomonidan mumtoz adabiyotimizning ahamiyati, Navoiy va Bobur ijodining beqiyos o‘rni haqida mazmunli fikrlar bildirildi. Shuningdek, Axborot-resurs markazi tomonidan tashkil etilgan kitoblar yarmarkasi hamda “Bo‘ston” ashula va raqs ansambli ijrosidagi ikki siymo g‘azallariga bastalangan kuy-qo‘shiqlardan iborat badiiy dastur barchaga birdek manzur bo‘ldi.

Tadbirda universitetimizning professor-o‘qituvchilari hamda talaba-yoshlari faol ishtirok etib, ko‘tarinki kayfiyatda ma’naviy-ma’rifiy kechani tomosha qildilar. Navoiy g‘azallari, badiiy kompozisiyalar va monologlar ijrosi yig‘ilganlar qalbida chuqur taassurot qoldirdi.
“Nazm gulshani” ma’naviy-ma’rifiy tadbiri ezgu maqsadlarga hamohang tarzda tashkil etilib, buyuk ajdodlarimiz merosini chuqur o‘rganish, yoshlar qalbida milliy g‘urur va ma’naviy qadriyatlarga hurmat tuyg‘usini yanada mustahkamlashga xizmat qildi.

Ijtimoiy tarmoqlar:


Shuningdek o'qing

1930-yilda Oʻrta Osiyo universitetining qishloq xoʻjaligi fakulteti negizida Oʻrta Osiyo qishloq xoʻjaligi instituti tashkil etildi. Bu institut 1934—1991-yillarda Toshkent qishloq xoʻjaligi instituti nomi bilan faoliyat koʻrsatdi. 1991-yilning aprel oyida Toshkent davlat agrar universiteti maqomi berildi.