Sabzi yetishtirish uchun yengil mexanik tarkibli, unumdor va pH 5,5–7 bo‘lgan neytral tuproqlar tanlanadi. Eng yaxshi o‘tmishdosh ekinlar bodring, piyoz, pomidor, ertagi kartoshka va karam hisoblanadi. To‘g‘ri yer tanlash yuqori hosil olishning muhim omilidir. Ekishdan oldin urug‘lar saralanadi va unib chiqish darajasi tekshiriladi. Ikki yildan ortiq saqlangan urug‘lardan foydalanish tavsiya etilmaydi. Hosildorlikni oshirish maqsadida urug‘larga mikroelementlar bilan ishlov berish mumkin. Janubiy hududlarda sabzi fevral oxiri – mart boshida, markaziy hududlarda mart boshida, shimoliy hududlarda esa mart o‘rtalarida ekiladi. Ekish chuqurligi 1,5–2 sm, urug‘ sarfi esa gektariga 5–6 kg ni tashkil etadi. Nihollar 5–7 kunda ko‘rina boshlaydi. O‘suv davrida 2 marta o‘toq va yaganalash o‘tkaziladi. Tuproq namligi 70–75% darajada saqlanishi lozim, o‘suv davrida sharoitga qarab 5–8 marta sug‘orish tavsiya etiladi. 25–30 t/ga hosil olish uchun tuproq turiga qarab azot, fosfor va kaliy o‘g‘itlari me’yor asosida qo‘llaniladi. Zararkunanda va kasalliklarga qarshi o‘z vaqtida himoya tadbirlarini o‘tkazish yuqori va sifatli hosil olish imkonini beradi.
Ijtimoiy tarmoqlar:
