Toshkent davlat agrar universiteti vakillari joriy yilning 17–20-mart kunlari Rossiyaning Ufa shahrida o‘tkazilgan “Agrokompleks–2026” XXVII xalqaro ko‘rgazmasida ishtirok etishdi. Boshqirdiston davlat agrar universiteti taklifiga binoan amalga oshirilgan ushbu tashrif doirasida agrosanoat majmuasining innovatsion rivojlanishi, seleksiya yutuqlari va zamonaviy agrotexnologiyalar muhokama qilindi. O‘zbekistonlik olimlar safari davomida nafaqat ko‘rgazmada qatnashishdi, balki Boshqirdistonning qishloq xo‘jaligi sohasidagi noyob tajribasini ham o‘rganishdi. Xususan, TDAU mutaxassislari mintaqa iqlim sharoitida tropik o‘simliklarni yetishtirish bo‘yicha amalga oshirilayotgan ilmiy ishlarga katta qiziqish bildirishdi. Boshqirdistonlik olimlar bilan bo‘lib o‘tgan muloqotlarda limon, banan va boshqa sitrus mevalarni issiqxonalarda samarali yetishtirish texnologiyalari ko‘zdan kechirildi.
Ushbu tashrif ikki universitet o‘rtasida dehqonchilik, o‘simlikshunoslik, ekologiya va seleksiya sohalarida qo‘shma ilmiy tadqiqotlarni yangi bosqichga olib chiqishga xizmat qiladi. Erishilgan kelishuvlar natijasida kelgusida tajriba almashish va agrosanoatda innovatsiyalarni birgalikda joriy etish belgilab olindi.
Ijtimoiy tarmoqlar:



