Toshkent davlat agrar universiteti “Fitopatologiya” kafedrasi professori Rihsivoy Gulmurodov ayni kunlarda g‘alla maydonlarida uchrayotgan holatlar va kasalliklarga qarshi kurash choralari bo‘yicha o‘z tavsiyalarini ulashdi.
Zang kasalligi – asosiy xavf!
Hozirgi paytda ob-havoning nam va yog‘ingarchilik bilan kelishi sariq zang kasalligining tarqalishi uchun qulay sharoit yaratadi. Agar o‘z vaqtida kurash choralari ko‘rilmasa, ushbu kasallik hosilning 30-40 foizigacha yo‘qotilishiga sabab bo‘lishi mumkin. Aprel oyiga borib esa qo‘ng‘ir zang kasalligi xavfi ortadi.
Kasallikni qanday farqlash kerak?
Ko‘pchilik barglardagi sarg‘ayishni zang deb o‘ylaydi, biroq:
Sariq zangda: Barg yuzasida sariq "yostiqchalar" (ure dosporalar) paydo bo‘ladi, ushlaganda qo‘lga sarg‘ish g‘ubor yuqadi.
Tabiiy holat: Pastki barglarning qarishi yoki yaqinda bo‘lgan qattiq sovuq ta’sirida barg uchlarining 7-8 sm qismi sarg‘ayishi yuqumli kasallik alomati emas.
Fungitsidlar bilan ishlov berish tartibi
Profilaktika: Sug‘oriladigan maydonlarda kamida bir marta profilaktik fungitsid sepish shart.
Yog‘ingarchilik bo‘lsa: Fungitsidlar o‘simlikni 10-12 kundan ortiq himoya qila olmaydi. Shuning uchun oradan 14-15 kun o‘tib, tarkibida boshqa ta’sir etuvchi moddasi (triazol guruhi va h.k.) bo‘lgan fungitsid bilan ikkinchi ishlov berilishi kerak.
Quruq va issiq havo bo‘lsa: Harorat 26 darajadan yuqori bo‘lib, havo quruq kelsa, bir marta sepilgan fungitsid o‘simlikni 30 kungacha himoya qilishi mumkin.
Bargni asrash – hosil garovi:
Donning to‘lishishida "bayroq barg" (eng yuqori barg) hal qiluvchi vazifani bajaradi. Salqin kelgan yillarda bu bargni shilliqurt (pyavitsa) zararlashi mumkin. Agar bayroq barg shikastlansa yoki zang bilan zararlansa, boshoqdagi donlar puch bo‘lib qoladi.
Xulosa qilib aytganda, g‘alla maydonlarida doimiy monitoring o‘tkazish, namlik va harorat o‘zgarishiga qarab takroriy ishlov berish yuqori hosil olishning bosh garovidir.
“Fitopatologiya” kafedrasi professori Rihsivoy Gulmurodov
Ijtimoiy tarmoqlar:






