logouzqora
  • uzbekistan
  • uzbekistan

TDAU’da ilk bor quyonlarda murakkab jarrohlik amaliyoti o’tkazildi

view 10

Ushbu voqea qishloq xo'jaligi va veterinariya fanlari uchun muhim ahamiyatga ega bo'lib, "Oziq-ovqat xavfsizligini ta'minlashda quyonlarda fistula qo'yishda innovatsion jarrohlik amaliyoti orqali oziq moddalarning hazm bo'lish jarayonlarini o'rganishning ilmiy asoslari" mavzusidagi ilmiy-amaliy seminar doirasida tashkil etildi.
Seminarda TDAU rektori, professor Narzullo Oblomurodov, Qishloq xo'jaligi fanlari akademiyasi akademigi, biologiya fanlari doktori, professor Bakriddin Zaripov, TDAU Veterinariya meditsinasi kafedrasi mudiri, dotsent Botir O'lmasov, kafedra assistentlari Zamonbek Xolmirzayev va Asadulla Mamatqulov, shuningdek, talabalar ishtirok etdilar. Bugungi kunda Zooinjeneriya fakulteti Veterinariya meditsinasi kafedrasi tomonidan tashkil etilgan "InnoVet" klinikasida jahon standartlari asosida zamonaviy sharoitlar yaratilgan bo'lib, bu yerda hayvonlarda murakkab operatsiyalarni o'tkazish imkoniyati mavjud. Ushbu klinikada Veterinariya meditsinasi va Zootexniya ta'lim yo'nalishlarida tahsil olayotgan talabalar, magistrantlar hamda doktorantlar o'z ilmiy tadqiqotlarining samaradorligini oshirish va yangi natijalarga erishish uchun keng imkoniyatlarga ega bo'lmqdalar. Veterinariya meditsinasi yo'nalishi bitiruvchilari "InnoVet" klinikasida "DUAL ta'lim" asosida amaliy jarayonlarda bevosita ishtirok etish orqali o'z bilim va amaliy ko'nikmalarini mustahkamlashi, shu bilan birga ishlab chiqarish jarayoniga yuqori kompetensiyaga ega kadrlar sifatida tayyorlanishida muhim o'rin egallaydi. Toshkent davlat agrar universitetida Veterinariya ta'lim jarayonini yanada takomillashtirish yo'lida tashkil etilgan bunday sharoitlar negizida, Qishloq xo'jaligi fanlari akademiyasi akademik, biologiya fanlari doktori, professor Bakriddin Zaripov ilmiy rahbarligida TDAU Veterinariya meditsinasi kafedrasi professor-o'qituvchilari jamoasi bilan birgalikda quyonlarda fistula (maxsus kanyula) o'rnatish jarayoni muvaffaqiyatli amalga oshirildi. Ushbu murakkab jarrohlik amaliyoti hayvonning hazm qilish tizimini, xususan, ko'richakdagi murakkab fermentatsiya jarayonlarini tiriklayin kuzatish imkonini beruvchi eng zamonaviy usul hisoblanadi. Innovatsion jarrohlik amaliyoti o'tkazish jarayoni bir vaqtning o'zida onlayn translatsiya qilinib, Zooinjeneriya fakulteti va boshqa fakultetlardan 100 dan ziyod talabalar, magistrantlar, doktorantlar hamda universitet professor-o'qituvchilari kuzatib bordi. Katta ilmiy jamoatchilik bu o'tkazilgan murakkab jarrohlik amaliyoti yuqori saviyada va yuqori natija bilan o'tkazilganligini e'tirof etdi.
Jarrohlik amaliyotining joriy etilishi kelgusida chorva va parrandachilik uchun mo'ljallangan ozuqalarning hazm bo'lish darajasini aniq laboratoriya sharoitida o'rganish, mahalliy sharoitda yetishtirilgan o'simliklardan yuqori samarali ozuqa ratsionlarini ishlab chiqish, ichak mikroflorasini o'rganish orqali hayvonlar mahsuldorligini oshirishning yangi usullarini joriy etish kabi imkoniyatlarni yaratadi.

Tadbir davomida ishtirokchilar universitet qoshidagi zamonaviy "InnoVet" klinikasi faoliyati bilan yaqindan tanishdilar. Klinikada yaratilgan sharoitlar va eng so'nggi rusumdagi tibbiy uskunalar yordamida murakkab operatsiyalarni yuqori aniqlikda o'tkazish imkoniyatlari mavjudligiga guvoh bo'ldilar. Mazkur seminar O'zbekiston veterinariya va chorvachilik sohasi xalqaro standartlar darajasiga ko'tarilayotganini, mahalliy olimlarimiz esa eng murakkab bio-texnologik jarayonlarni o'zlashtirayotganini yana bir bor isbotladi.

Ijtimoiy tarmoqlar:


Shuningdek o'qing

1930-yilda Oʻrta Osiyo universitetining qishloq xoʻjaligi fakulteti negizida Oʻrta Osiyo qishloq xoʻjaligi instituti tashkil etildi. Bu institut 1934—1991-yillarda Toshkent qishloq xoʻjaligi instituti nomi bilan faoliyat koʻrsatdi. 1991-yilning aprel oyida Toshkent davlat agrar universiteti maqomi berildi.