Oliy ta’lim muassasalari rektorlarining Germaniya Federativ Respublikasiga tashrifi doirasida Toshkent davlat agrar universiteti rektori Narzullo Oblomuradov Germaniyaning nufuzli oliy ta’lim muassasalaridan biri — Vayenshtefan–Trizdorf Amaliy fanlar universiteti (HSWT)ga tashrif buyurdi hamda universitetning Xalqaro ishlar bo‘yicha vitse-prezidenti professor doktor habil Karsten Lorz bilan uchrashuv o‘tkazdi.
Uchrashuv davomida agrar ta’lim va ilm-fan sohasidagi hamkorlikni rivojlantirish, qo‘shma ta’lim dasturlarini yo‘lga qo‘yish, talabalar va professor-o‘qituvchilar almashinuvini kengaytirish, shuningdek, qo‘shma ilmiy-tadqiqot loyihalarini amalga oshirish masalalari muhokama qilindi. Tomonlar zamonaviy agrar texnologiyalar, oziq-ovqat xavfsizligi, ekologik barqarorlik hamda innovatsion ishlanmalarni amaliyotga joriy etish bo‘yicha hamkorlik istiqbollariga alohida e’tibor qaratdilar.
Ma’lumot uchun, Vayenshtefan–Trizdorf Amaliy fanlar universiteti Germaniyaning qishloq xo‘jaligi, ekologiya, biotexnologiya, oziq-ovqat texnologiyalari, o‘rmon xo‘jaligi va qayta tiklanuvchi energiya yo‘nalishlarida yetakchi oliy ta’lim muassasalaridan biri hisoblanadi. Universitet amaliy ta’lim modeli, zamonaviy ilmiy laboratoriyalari va xalqaro hamkorlik dasturlari bilan keng tanilgan.
Uchrashuv yakunida ikki universitet o‘rtasidagi hamkorlikni yanada mustahkamlash, xalqaro ta’lim dasturlarini rivojlantirish hamda ilmiy hamkorlikni yangi bosqichga olib chiqishga qaratilgan amaliy kelishuvlarga erishildi. Mazkur hamkorlik agrar ta’lim sifati va ilmiy salohiyatni oshirish, xalqaro tajribani joriy etish hamda malakali kadrlar tayyorlashga xizmat qiladi.
Ijtimoiy tarmoqlar:





