Bugun Toshkent davlat agrar universiteti rektori N.Oblomuradov boshchiligidagi professor-o‘qituvchilar jamoasi Toshkent viloyati, Parkent tumani, Kumushkon qishlog‘ida joylashgan “Meredian Tempo” MChJga qarashli 54 gektarlik zamonaviy intensiv bog‘ faoliyati bilan yaqindan tanishdi. Bu bog‘ nafaqat meva yetishtirish, balki zamonaviy agrotexnologiyalarni joriy etish bo‘yicha ham namuna bo‘lib xizmat qilmoqda. Unda gilos, olma, nok va malinadan iborat eksportbop navlar parvarishlanmoqda. Eng qizig‘i, ko‘chatlar Fransiya va Ispaniyadan olib kelingan bo‘lib, ularning hosildorligi yuqori, mevalari esa sifati bilan ajralib turadi. Bog‘da tomchilatib sug‘orish tizimi to‘liq yo‘lga qo‘yilgan bo’lib, suv avval maxsus havzalarda yig‘iladi va tabiiy nishablik yordamida bog‘ga tarqatiladi. Bu jarayonda umuman energiya sarflanmaydi. Natijada xarajatlar kamayadi, mahsulot tannarxi arzonlashadi va, eng asosiysi, suv resurslari tejaladi.
Bog‘ hududida o‘rnatilgan quyosh panellari orqali ekologik toza energiya ishlab chiqarilmoqda. Bu esa nafaqat iqtisodiy samaradorlikni oshiradi, balki atrof-muhitga bo‘lgan e’tibor va mas’uliyatni ham namoyon etadi.
Yetishtirilayotgan mazali va sifatli mevalar nafaqat ichki bozorga, balki xorijga ham eksport qilinadi. Bu orqali nafaqat hudud iqtisodiyotiga, balki mamlakatimiz agrar salohiyatining jahon bozorida tan olinishiga xizmat qilmoqda.
Ijtimoiy tarmoqlar:



