logouzqora
  • uzbekistan
  • uzbekistan

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning 2026 yil 24 fevral kuni yoshlar bilan o‘tkazilgan ochiq muloqoti yuzasidan Toshkent davlat agrar universiteti rektorining MUROJAATI  

view 18

“Yurtimizdagi 22 milliondan ziyod yoshlarimiz timsolida
 biz juda katta iqtisodiy, ijtimoiy va siyosiy kuchni ko‘ramiz”

Shavkat Mirziyoyev
Hurmatli ustozlar, professor-o‘qituvchilar va aziz talaba-yoshlar!
Ko‘ksaroy qarorgohida Muhtaram yurtboshimiz boshchiligida  24 fevral kuni bo‘lib o‘tgan yoshlar bilan ochiq muloqot, bildirilgan fikr va mulohazalar, ilgari surilgan g‘oya va tashabbuslar Yangi O‘zbekistonda yoshlar uchun yaratilgan shart-sharoitlar va e’tiborning yuksak namunasi bo‘ldi. Bugungi kunda yoshlar yurt tayanchi, mamlakat taraqqiyoti sifatida ko‘rilib, yuksak ishonch bildirilmoqda. O‘z navbatida, yoshlarimiz ham o‘z bilimi, shijoati, umid va intilishlari bilan o‘zlarini namoyon etib, o‘zbek yoshlarining eng yuqori marralarni egallashga qodirligini isbotlamoqda.
Prezidentimizning yoshlar bilan shaxsan uchrashib ochiq muloqot qilishi, dildan suhbatlashishi Yangi O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan yoshlarga oid siyosatning eng yorqin va unutilmas voqeasidir. Ayni paytda mamlakatimiz aholisining aksariyati yoshlardan iborat. Davlatimiz rahbari muloqot chog‘ida buni alohida ta’kidlar ekan, “Yurtimizdagi 22 milliondan ziyod yoshlarimiz timsolida biz juda katta ijtimoiy, iqtisodiy va siyosiy kuchni ko‘ramiz”, dedi. Bugun yoshlarimiz erishayotgan yangidan-yangi marralar, qo‘lga kiritayotgan muvaffaqiyatlar ham, bunga zamin bo‘layotgan imkoniyatlar ko‘lami ham tobora ortib bormoqda. Yaratilgan keng imkoniyatlar natijasida so‘ngi yillarda yoshlarimiz jahon fan olimpiyadalarida 66 ta oltin, 147 ta kumush, 221 ta bronza medallarini qo‘lga kiritdi. Muloqotda ta’kidlanganidek har yili mehnat bozoriga 600 ming yosh kirib kelmoqda. 2030 yilga borib bu ko‘rsatkich 1 millionga yetadi. Bu, o‘z navbatida, ularni o‘z qiziqish va imkoniyatiga mos ta’lim-tarbiya berish, kasb-hunarga o‘rgatish va ish bilan ta’minlashni eng ustuvor vazifa ekanligini anglatadi. Bu yilgi muloqot davomida davlatimiz rahbari tomonidan yoshlarni qo‘llab-quvvatlash borasida ilgari surilgan 32 ta muhim tashabbuslari biz, oliy ta’lim sohasi vakillari uchun amaliy dasturilamaldir. Ushbu tashabbuslarni ijrosini ta’minlash, buning uchun kerakli barcha zarur choralarni ko‘rish oliy ta’lim sohasida faoliyat yuritayotgan barcha mas’ullarning burchidir. Ayniqsa, oliy ta’lim muassasalari mazkur ustuvor vazifalar ijrosini ta’minlashda faollik ko‘rsatib, mehnat bozori talablariga mos, raqobatbardosh va yuqori malakali kadrlar tayyorlash orqali yoshlar bandligini ta’minlashga munosib hissa qo‘shishi zarur. Zero, oliy ta’lim tizimining samaradorligi mamlakatning barqaror taraqqiyoti va iqtisodiy rivojlanishini ta’minlovchi muhim omil hisoblanadi. Agrar soha bugun oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlash, sanoat tarmoqlari uchun zarur bo‘lgan mahsulotlarini yetkazib berish, eksport salohiyati va innovasion taraqqiyotning hal qiluvchi omiliga aylanmoqda. Demak, biz tayyorlayotgan har bir mutaxassis Yangi O‘zbekiston kelajagining bunyodkoridir. Muhtaram yurtboshimiz tomonidan belgilab berilgan vazifalar asosida universitetimizning mexanizatsiya va agromuhandislik ta’lim yo‘nalishlarida tahsil olayotgan talabalarini “dual” ta’lim tizimi doirasida bevosita Chirchiq shahridagi agro-texnik klasterda o‘qitish yo‘lga qo‘yilmoqda. Bu tizim talabalarga nafaqat nazariy bilim olish, balki ishlab chiqarish muhitida amaliy tajriba to‘plash va ish haqi olish imkoniyatini yaratmoqda.
Shu bilan birga universitetda har biri 5 nafar talabani birlashtirgan “Kelajak fermerlari” eksperimental jamoalari tashkil etilib, agrar ta’lim sohasida yangi tashabbus boshlanmoqda. Ushbu jamoalar o‘quv yili davomida 10 sotix yer maydonini o‘zlashtirib, o‘zlari ekin ekishadi. Ular yerning unumdorligini oshirish, serhosillik va yuqori daromad ko‘rsatkichlari asosida baholanib, kursdan kursga o‘tadi. Prezidentimiz tomonidan e’tirof etilgan ushbu tashabbuslar universitetimizda tahsil olayotgan yoshlar uchun yangi imkoniyatlarni ochib beradi. Endilikda har payshanba mamlakatimizda “Yoshlar kuni” sifatida belgilandi. Universitetimizda ham har hafta talabalar muammolarini tinglash, tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlash va aniq yechimlar qabul qilish tizimi joriy etilmoqda. Shu bilan birgalikda bitiruvchi yoshlar bandligini ta’minlashga qaratilgan keng qamrovli ishlar amalga oshirilmoqda. Jumladan, kuni kecha Toshkent viloyati hokimligi hamda viloyatdagi 22 ta tuman-shahar hokimliklari bilan hamkorlikda bitiruvchi yoshlar bandligini ta’minlashga qaratilgan ochiq muloqotlar tashkil etildi. Dual ta’lim tizimini keng joriy etish, ishlab chiqarish korxonalari bilan integratsiyani mustahkamlash orqali talabalarni o‘qish jarayonidanoq amaliy faoliyatga jalb etish va ular uchun doimiy ish o‘rni yaratish muhim vazifa sifatida belgilab olindi. Yoshlar tadbirkorligini qo‘llab-quvvatlash uchun qo‘shimcha 200 million dollar ajratilishi, kredit miqdorlarining 300 million so‘mdan 10 milliard so‘mgacha oshirilishi – bu ulkan imkoniyatdir. “Kelajak tadbirkori”, “Ko‘mak”, “Mening birinchi kasbim” dasturlari doirasida garovsiz 20 million so‘mgacha, yangi biznes boshlayotganlarga 300 million so‘mgacha, faoliyatini kengaytiruvchilarga 2 milliard so‘mgacha,
5 nafar bitiruvchini ishga olganlarga 10 milliard so‘mgacha kreditlar ajratiladi. “Kelajakka qadam” tashabbusi va innovasion xablar g‘oyasi yoshlar uchun yangi imkoniyatlar eshigini ochdi. Bu tashabbus orqali ular o‘z g‘oya va startaplarini amalga oshirish, zamonaviy texnologiyalar bilan ishlash va o‘z salohiyatini ro‘yobga chiqarish imkoniga ega bo‘ladi. Bu tashabbus Prezidentimiz belgilab bergan yoshlarni tadbirkorlikka keng jalb qilish siyosatiga to‘la mos keladi. “Yangi avlod tadbirkorlari” dasturi doirasida Harvard University va Stanford University kabi nufuzli oliygohlar bilan hamkorlikda 40 ming yoshni biznesga o‘qitish rejalashtirilgani – global raqobatga tayyor kadrlar tayyorlashga xizmat qiladi. Universitetimizda yoshlarni horijiy tillarga bo‘lgan qiziqishini yanada oshirish, xorijiy til sertifikatlari sonini oshirish, qo‘shma ta’lim dasturlarini kengaytirish ustuvor vazifa bo‘lib qoladi.
Innovasion startaplarga 100 ming dollargacha investisiya kiritishga ruxsat berilishi, “O‘sish va rivojlanish” dasturi doirasida 2 milliard so‘m ajratilishi   agrar  soha yoshlari uchun keng yo‘l ochadi. Texnikum va oliy ta’lim muassasalarida startaplarga 1 milliard so‘mgacha moliyaviy yordam berilishi esa yoshlarni ilmiy-amaliy izlanishga undaydi. “Mening birinchi kasbim” dasturi orqali bitiruvchilarga oyiga 2 million so‘mgacha stajirovka stipendiyasi to‘lanishi  bitiruvchilarimiz uchun katta tajriba maktabidir. “Work and travel” dasturlari va xorijiy stajirovkalar orqali talabalarimiz xalqaro mehnat bozoriga chiqish imkoni yanada kengayadi.
“Kitobxonlik madaniyatini rivojlantirish” jamg‘armasi orqali ijodkorlarga oyiga 20 million so‘m haq to‘lanishi, eng faol kitobxonlarga mukofot berilishi – yoshlar ma’naviyatini yuksaltirishga xizmat qiladi. Universitetimizda ham kitobxonlikni targ‘ib qilish, ilmiy tafakkur va mafkuraviy immunitetni mustahkamlash bo‘yicha tizimli ishlar yanada kuchaytiriladi. Universitet hududida Book cafe faoliyati yo‘lga qo‘yiladi, axborot-resurs markazining zamonaviy infratuzilmasi yaratiladi, yoshlar o‘rtasida kitobxonlikni targ‘ib qilishga qaratilgan tanlovlar tashkil etiladi. Hurmatli hamkasblar! Endilikda har birimiz yoshlar bilan ishlashning mutlaqo yangi tizimiga o‘tishimiz shart. Prezidentimiz belgilab bergan vazifalar ijrosi universitetimizda aniq “yo‘l xaritasi” asosida ta’minlanadi. Aziz talabalar! Bugun Sizlarga keng imkoniyatlar eshigi ochilmoqda - grantlar, startap loyihalar uchun kreditlar, investisiyalar, kasblarni egallashga oid yangi dasturlar, xalqaro ta’lim olish imkoniyatlari shular jumlasidandir. Ayni vaqtda Sizlardan bilim olish, kasb-hunarni o‘rganish, xorijiy tillarni egallash va yaratilgan keng imkoniyatlardan unumli foydalanish talab etiladi.
Ishonchim komilki, Toshkent davlat agrar universiteti yoshlari agrar sohaning yuqori sur’atlarda rivojlanishi, eksport salohiyatini yuksaltirish hamda zamonaviy innovatsiya va agrotexnologiyalarni amaliyotga keng joriy etishda faollik ko‘rsatib, Yangi O‘zbekistonning jadal taraqqiyoti yo‘lida o‘zining munosib hissasini qo‘shadi.
 
TDAU rektori, professor N.N. Oblomuradov

Ijtimoiy tarmoqlar:


Shuningdek o'qing

1930-yilda Oʻrta Osiyo universitetining qishloq xoʻjaligi fakulteti negizida Oʻrta Osiyo qishloq xoʻjaligi instituti tashkil etildi. Bu institut 1934—1991-yillarda Toshkent qishloq xoʻjaligi instituti nomi bilan faoliyat koʻrsatdi. 1991-yilning aprel oyida Toshkent davlat agrar universiteti maqomi berildi.