Ko‘pchilik mevali ko‘chat ekishni faqat bahor bilan bog‘laydi. Aslida esa, yer hali muzlamagan bo‘lsa, qish mavsumida ham ko‘chat ekish mumkin. Mutaxassislar ta’kidlashicha, qishda ekilgan ko‘chatlar bahorgacha tuproqqa yaxshi moslashib, iliq kunlar kelishi bilan tez o‘sishga kirishadi. Ko‘chat ekishdan avval 60×60 sm o‘lchamdagi chuqurchalar tayyorlanadi. Qazish jarayonida ustki 20–25 sm unumdor tuproq alohida olinib, qolgan qismi boshqa tomonga chiqariladi. Bu usul tuproq tarkibini saqlab qolishda muhim ahamiyatga ega. Chuqurga 350–400 g fosfor, 30–40 g kaliy o‘g‘iti hamda 8–10 kg chirigan go‘ng solinib, tuproq bilan yaxshilab aralashtiriladi. Shundan so‘ng ko‘chat tik holatda joylashtiriladi va tuproq bilan ko‘miladi. Eng muhim jihat — payvand qilingan joy tuproqdan 4–5 sm yuqorida qolishi shart. Ekish ishlari yakunlangach, har bir chuqurga to‘ldirib suv quyiladi. Bu tuproqni zichlab, ko‘chatning yaxshi ildiz otishiga yordam beradi. Tuproq cho‘kkach, atrofiga yana biroz tuproq solinadi va namlikka qarab sug‘orish ishlari davom ettiriladi.
To‘g‘ri ekilgan ko‘chat — sog‘lom daraxt va kelajakdagi mo‘l hosil garovi.
Ijtimoiy tarmoqlar:
